Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev G‘ijduvoniy maqbarasini ziyorat qildi

Shavkat Mirziyoyev G‘ijduvoniy maqbarasini ziyorat qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasi ziyorat etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari maqbarada amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu yerga imom-xatiblarni jalb etib, ularga allomalarimiz ma’naviy merosini to‘g‘ri va chuqur o‘rgatish, xalqimizga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

— Kitobda o‘qish boshqa, ziyorat qilib, yurakdan o‘tkazib o‘rganish boshqa. Bu joy ma’rifat markazi bo‘lishi, odamlar o‘ziga ilm olib ketishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yil 16 fevral kuni viloyatga tashrif chog‘ida Prezidentimiz «Yetti pir» maqbaralarini obod qilish, ularni bog‘lovchi turizm yo‘nalishi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Abduxoliq G‘ijduvoniy mazkur yetti pirning birinchisi sanalib, Xojagon tariqati asoschisidir. Keyinchalik Orif Revgariy, Mahmud Fag‘naviy, Ali Romitaniy, Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol bu ma’naviy yo‘nalishni davom ettirib, Bahouddin Naqshband uni yuksak bosqichga olib chiqqan. Shu bois bu tariqat Naqshbandiya nomi ostida tanilgan. Qo‘shni mamlakatlar, g‘arbiy va janubiy Sharq davlatlari, hatto butun dunyoda bu aziz avliyolar qadamjolarini kelib ko‘rish istagidagilar ko‘p.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yerda mazkur ziyoratgohlarda amalga oshirilgan va davom etayotgan ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari bu maskanlarni obod qilish bilan birga «Yetti pir» haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targ‘ib etish zarurligini ta’kidladi.

— Bunday ma’naviy xazina boshqa hech qayerda yo‘q. Bu xazinani mukammal o‘rganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda yetkazish kerak. Maqsadimiz — yoshlarimiz o‘zimizning allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimizda ma’rifiy islomni rivojlantirish, buyuk allomalar maqbaralarini obod qilishga qaratilayotgan e’tibor xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilindi.

Prezidentimiz bu sanaga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish, uning doirasidagi tadbirlarni Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi bilan hamohang nishonlash, xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring