Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Senga oshiqman» seriali amaldagi qonunlarga zid ekani aytildi

«Senga oshiqman» seriali amaldagi qonunlarga zid ekani aytildi

«Senga oshiqman» serialidan lavha

Foto: «Google.com»

«Milliy tiklanish» gazetasi saytida «Ko‘r-ko‘rona serial fanatizmi: u biz va farzandlarimizni qay tomon yetaklamoqda?» nomli maqola e’lon qilindi. Maqolada yurtimiz telekanallarida namoyish etilayotgan bir qator seriallar xalqmiz ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tanqid ostiga olingan.

Jurnalist Nigora Nishonboyeva telekanallarning birida namoyish etilayotgan «Sevgi iztirobi» seriali haqida «shohona hayot ortida «ommaviy madaniyat»ning jirkanch qiyofasi, tarbiyasizlikning yuksak namunasi «mana men», deb bo‘y ko‘rsatib turgani serialga mukkasidan ketgan tomoshabinni zig‘irchayam qiziqtirayotgani yo‘q»ligini ta’kidlagan. Muallifning fikricha, erlik ayolning sobiq sevgilisi bilan ishq-muhabbat ko‘yida yurishi, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga xiyonat qilish, «sendan ugina, mendan bugina» qabilida ish tutishini har qanday holatda ham oqlab bo‘lmaydi. «Bir kun qarasang, bir-biridan yuz o‘girgan, hayotning zarbalariga mardonavor turishlikni kelishib olishgan oshiq-ma’shuqlar ertasiga yana avvalgidek «o‘ldim-kuydim», «besh yil umrim hijronda o‘tdi, sensiz yasholmayman, o‘laman», deya dod-faryod solib, alaloqibat qayta topishib olishga ham ulguradi. Pochchasi bilan ishqiy munosabatga kirishgan, hatto farzand orttirib, eri bilan hech narsa bo‘lmagandek yashash, ota-onaga nisbatan hurmatsizlik, aka-ukachilik, jigarchilik, qon-qarindoshlik rishtalarining qadrsizlanishi, ochiq kiyinish va shunga o‘xshash ko‘plab axloqsizlik holatlarini hech qachon oqlab bo‘lmaydi. Mehr-muhabbat, or-nomus, ibo va hayo kabi muqaddas tuyg‘u-tushunchalarni shunchalar arzon bilish, ne ko‘ylarga solish yaramaydi. Axir dunyo va uning muvozanatini saqlab turgan narsalar shular emasmi?», — deb yozadi jurnalist.

Nigora Nishonboyeva, shuningdek, «Kinoteatr» telekanalida namoyish etilayotgan «Senga oshiqman» (Ishani) seriali amaldagi qonunchiligimizga zid ekanini aytgan.

«Senga oshiqman» serialidan lavha
Foto: «Tarona»

«Endigina Ishani balosidan qutulgan edik hamki, yana Ishani va Ranvir hayotimizga (ha, ha, hayotimizga!) qayta kirib keldi. «Yoshlar» teleradiokanali tasarrufidagi «Kinoteatr» telekanali mas’ul rahbarlari uchun xalq ma’naviyatining ahamiyati yo‘q, shekilli, ushbu serial namoyishi shu kanalda qayta qo‘yildi. Uy bekalarining bosh mavzusi yana Ishanixonning oh-vohlaridan, hayot tarzlari serial ikir-chikirlarini muhokama qilishdan iborat bo‘lib qoldi. Xo‘sh, buni qanday tushunish mumkin? Axir serial g‘oyasi xalqimiz mentalitetiga, milliy an’analar va oilaviy qadriyatlarga zid bo‘lib, uning mazmuni yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlagani haqida qancha gapirildi-ku…

Mazkur serial mazmuni O‘zbekiston Respublikasi «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni 14-moddasining 3-xatboshisi («qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik»), «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi, 5-xatboshisi («yoshlar orasida odob-axloqni buzishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etiladi») hamda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun 16-moddasining 3-xatboshisi («…bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi… filmlarni namoyish etish ta’qiqlanadi») talablariga zid emasmi?»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring