Sarhad bilmas san’at. Toshkentda o‘zbek va turk hunarmand-ustalarining nodir asarlari namoyish etilmoqda
Toshkentda Turkiya Respublikasi prezidenti shafeligida tashkil etilgan «Zamon oshgan madaniyat: O‘zbekiston» xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’rifiy anjumanda Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Donmez, ushbu mamlakatning Toshkentdagi elchisi Mehmet Sureyya Er, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov hamda ikki mamlakat ilm-fan, madaniyat namoyandalari qatnashdi.
O‘zbekiston va Turkiyani ko‘p asrlik tarixiy rishtalar bog‘lab turadi. Tili, madaniyati, e’tiqodi mushtarak bo‘lgan ikki xalq o‘tgan yuzyilliklar mobaynida ilm-fan, san’at va me’morlik sohasida ham yaqin hamkorlik qilib kelgan. «Inson va madaniyat harakati» tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir esa tarixiy aloqalarga yangi nafas bag‘ishladi.
Marosimda so‘zlagan Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Donmez xalqaro ko‘rgazmaning Osiyoning urib turgan yuragi bo‘lmish Toshkentda o‘tkazilayotgani teran ramziy ma’noga ega ekanini qayd etdi.
Yigirmadan ziyod o‘zbek va turk hunarmand-ustalari ushbu yirik loyiha uchun xattotlik, tazhib (zarhallash) qati’ (naqqoshlik), abru bahor, miniatyura, qalam tasvir, muqovasozlik, o‘ymakorlik kabi yo‘nalishlarda original asarlar yaratdilar. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ellikdan ziyod nodir asarda o‘zbek va turk xalqlarining ko‘p asrlik robitalari, Buyuk ipak yo‘lining mo‘’jizakor manzaralari qayta jonlanadi.
Katta ijodiy jamoaning mashaqqatli mehnati mahsuli bo‘lmish ushbu ko‘rgazma ikki xalq qardoshligini yanada mustahkamlash, mushtarak tarix va madaniyatni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida ochilgan ko‘rgazma 28 sentyabrga qadar davom etadi.
Ushbu yirik loyihasi doirasida ikki xalq madaniy aloqalarining tarixi va istiqboliga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman ham o‘tkazildi. Unda Ilyos Kamolo‘g‘li, Muhammad Bilol Chelik, Sherzodxon Mahmudov, A’zamjon Rahmonov kabi atoqli olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi, o‘zaro robitalarni yanada kengaytirish yo‘llari muhokama etildi.
Eslatib o‘tamiz, «Zamon oshgan madaniyat: O‘zbekiston» ko‘rgazma va ilmiy anjumani dastlab joriy yil 14 iyun – 7 iyul kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tgan edi. Turkiya madaniyat va turizm hamda tashqi ishlar vazirliklari, TIKA, «Turk havo yo‘llari» shirkati, Istanbul va Marmara universitetlari mazkur yirik loyihada hamkor sifatida qatnashdi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter