San’atdagi muammolarning zohiriga emas, ildiziga ham qarash kerak
Ko‘p yillardan beri san’at sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassis sifatida jamiyatimizda katta tortishuvlarga sabab bo‘layotgan, san’atkorlarimizning to‘y-hashamlardagi xizmati masalasiga doir fikr va mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Bu masala juda chuqur, keng miqyosda, e’tibor bilan ko‘rilishi lozim. Chunki masala zamirida san’atimiz kelajagi turibdi.
Yaqin o‘tmishimizda ham o‘zbek san’atkorlari, jumladan «Yalla», «Sado» kabi guruhlarimiz nafaqat hozirgi MDH davlatlarida, balki ko‘plab g‘arb davlatlarida ham dong taratganlari hech kimga sir emas. U yerlarda katta-katta konsertlar tashkillashtirilganidan ham ko‘pchilikning xabari bor. Vaqt o‘tib bu estafetani Yulduz Usmonova, Muhriddin Xoliqov kabi ijodkorlarimiz munosib ravishda davom ettirishdi. Hozir esa ba’zi sabablarga ko‘ra bu kabi yutuqlarimiz bilan faxrlana olmayapmiz. Buning negizida ancha yillardan beri yig‘ilib qolgan muammolar yotibdi va ularning yechimini topish vaqt, kuch, mehnat talab qiladi.
Asosiy muammolarimizdan biri haqiqiy, talabchan, qo‘shiqchilik san’atini, she’riyatni tushunadigan, hech bo‘lmaganda qo‘shiqchini hofizdan, ashulachini laparchidan farqlay oladigan tinglovchimizni yo‘qotib qo‘yganimiz. Bunga olib kelgan sabablar va vaziyatni qanday yaxshilash mavzusida maqola yozish zaruriyati mavjud, vaqti kelib bu mavzuga qaytarmiz.
Auditoriyamiz saviyasi past, yengil-yelpi, arzon ijodni ma’qullab, haqiqiy san’atni tushunishni xohlamaydigan darajaga tushib qoldi. Hozirgi kunda yuzaga kelgan masalalarga bir tomonlama, mohiyatini tushunmay turib yondashilsa, bu muammolarimiz yechim topish o‘rniga battar chuvalashishi, yechimi o‘n yilliklarga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan boshqa muammolar kelib chiqishi aniq.
San’atkorlarning to‘y-ma’rakalardagi xizmati bo‘yicha chiqarilishi ko‘zda tutilgan qarorda quyidagi fikrlar ham inobatga olinishini istar edim.
- Yangi avlod san’atkorlari yetishib chiqishi uchun imkoniyatlar cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Afsuski, san’atimiz faoliyati asosan faqat to‘ylardan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Bu xarajatlar katta mablag‘ talab qilishi ham sir emas. Masalan, san’at institutlarida tahsil olib, kerakli ilm, ko‘nikmalarga ega iqtidorli yoshlarimiz talaygina. Lekin ularni xalqqa tanitish uchun oldindan, juda katta tavakkalchilik bilan, hech qanday kafolatlarsiz mablag‘ ajratilishi va aql bilan sarflanishi zarur. Bu yerda gap faqat mablag‘ haqida emas, bir nechta ijodkorning mashaqqatli mehnati ustida ham. Qo‘shiq, klip tayyor bo‘ldi deylik, endi uni teleradio efirlari orqali aylantirish lozim. Bugungi kunda teleefirda bir martalik chiqish uchun to‘lov kunduzi 400 000, kechki paytlarda esa 800 000 so‘mni tashkil qiladi va bitta kanal uchun bir oyda 36 000 000 so‘m ketadi. Kamida ikki yoki uchta kanalda aylantirmasangiz bo‘lmaydi (shu o‘rinda telekanallar ham efir sarf-xarajatlarini qoplash uchun kliplar rotatsiyasiga narx qo‘yishga haqli ekanligini aytib o‘tishimiz lozim).
Lekin elga tanilish uchun yosh san’atkor tinmay ijod qilishi, har ikki-uch oyda yangi qo‘shiq, klip taqdim etishi kerak. Agar imkoniyati yetmay ijod qilishdan to‘xtasa, qilgan barcha sarf-xarajatlari qaytmasligi aniq bo‘ladi (bunday holatlar estrada san’atimizda ko‘p uchraydi). Shu yosh, hali pul topishi dargumon bo‘lgan san’atkor ham san’atkorlar uchun soliq hisoblanuvchi litsenziyani olishga majbur.
Ko‘rsatilayotgan xarajatlar kam emasligi aniq, buning uchun albatta homiy kerak. Ular sarflagan puli qaytmasligi xavfi borligini inobatga olgan holda tavakkal ish qiladilar. Agar to‘ylarda san’atkorlar ishtirok etishini cheklab qo‘ysak, homiylarda sarflagan mablag‘i qaytishiga umid qolmaydi. Natijada har yili yetishib chiqayotgan yosh san’atkorlarimiz xalqqa tanilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Chunki cheklov natijasida buyurtmachilar faqat taniqli san’atkorlar bilan kifoyalanishadi. Vaholanki, tanilish barobarida shu reytingni ushlab turish ham zarur. Bu taniqli san’atkorlar uchun ham oson bo‘lmayapti.
- Bozor iqtisodiyoti sharoiti va qonunchiligimizda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlarni nazarda tutib, san’atkorlarni ham tadbirkorlik sub’yektiga tenglashtirib, tadbirkorlik faoliyatidan imkon qadar har qanday cheklovlarni olib tashlash zarur deb o‘ylayman.
Tanlov to‘yga buyurtma berayotgan tomon ixtiyorida bo‘lishi har taraflama to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda buyurtmachi albatta o‘z imkoniyatidan kelib chiqadi va u u yoki bu san’atkorni taklif qilishga majbur ham emas. Kimdir bitta guruh bilan cheklansa, kimdir ko‘proq san’atkorni taklif qilishni istashi mumkin. Tanlov imkoniyatini cheklash bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid hamda inson huquqlarini buzish deb o‘ylayman.
Bu yerda tadbirkorlik sub’yekti bo‘lgan san’atkor ko‘pchilikni tashkil qiluvchi ijodiy jamoasini, undan tashqari kuy-qo‘shiqlarni yaratishda mehnat qilayotgan bastakor, sayqalchi, klipmeykerlarni ham ish bilan ta’minlayotganini ham inobatga olish lozim. Qolaversa, ijod sifati ham shu ijodga qancha sarmoya sarf qilinishi bilan chambarchars bog‘liq. Masalan, jonli ijroda kuylash uchun xonanda fonogrammada kuylashga qaraganda ancha ko‘p pul ishlatishi kerak va jonli ijroning narxi ham qimmat bo‘ladi.
- Shu narsani ta’kidlash kerakki, bizning san’atimiz asosan «to‘y biznesi» atrofida qurilgan. Bizda boshqa bozor yo‘q va bu bozorning hozirgi ahvoli havas qiladigan darajada emas. Chiqishi kutilayotgan to‘y-hashamlar to‘g‘risidagi qaror bu bozorning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, uning loyihasini ishlab chiqishda ehtiyotkorlik bilan yondashish talab etiladi.
Taraqqiy etgan davlatlar bilan solishtirilsa juda ham kichik bo‘lgan bozorimizni rivojlantirishimiz aslida davr talabiga mos ish bo‘lar edi. To‘g‘ri, to‘ylardagi isrofgarchiliklarga biz qarshimiz. Lekin asosiy isrofgarchiliklar to‘ygacha va undan keyin qilinayotganiga ham e’tiroz bo‘lmasa kerak.
- San’atkorlarimiz chet ellarda taniqli emas. San’atkorning muxlisi ham, buyurtmachisi ham mana shu davlatimiz fuqarolari. San’atimizning eksport salohiyati katta, bu ishni qo‘shni davlatlardan bo‘lsa ham boshlashimiz zarur. Buning uchun ham mablag‘ talab qilinadi. Bu mablag‘lar ham san’atkorlarimizning bo‘ynida.
Shu bilan birga ijodga bo‘layotgan turli ma’muriy cheklovlar ham qayta ko‘rib chiqilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki ijod chegara bilmasligi kerak.
Hozirgi kunda yosh san’atkorlarimiz orasida ko‘chirmachilik (plagiat) bilan shug‘ullanish avj olayotganining bir sababi ham mablag‘ yetishmasligidir. Chunki tayyor, sinovdan o‘tgan qo‘shiqni o‘zbek tiliga moslash ularga arzon tushadi.
San’atkorning topish-tutishi xalqning iqtisodiy ahvoli bilan uzviy bog‘liq. Xalqimizning to‘lov imkoniyatlari katta emasligini, san’atkorlarimiz ham har kuni ish bilan ta’minlanmayotganini va hammasining ham daromadlari u darajada katta emasligini ta’kidlash kerak. Ular qimmat kiyinishlari, qimmat ko‘rinishlari mumkin, lekin bu ularning kasbiy majburiyati. Cheklovlarning kattasini iqtisodning ayovsiz va qat’iy qonunlari qo‘yib bo‘lgan. Biz ularni inkor qila olmaymiz. Bozor talab va taklifdan iborat. Talab yo‘q joyda taklif ham yo‘qolishi muqarrar. San’atimiz taqdiri va rivoji ham aynan shu masalalarning qay tarzda yechim topishiga bog‘liq.
Biz ham to‘y-hashamlarimiz ortiqcha dabdabasiz, isrofgarchiliklardan xoli, keragicha mehmon, kasbiga halollik bilan yondashayotgan san’atkorlar (jonli) ijrosidagi qo‘shiqlar bilan go‘zal tarzda o‘tishi tarafdorimiz.
Asror Isoxo‘jayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter