Qirg‘izistonda Chingiz Aytmatov nomida orden ta’sis etilishi mumkin
Bir qator parlament deputatlari adabiyot, kinematografiya va boshqa san’atlar sohasidagi ko‘zga ko‘rinarli yutuqlar uchun Qirg‘izistonda «Chingiz Aytmatov» ordeni ta’sis etishni taklif qilishdi.
Mukofot sermahsul ijodiy faoliyat, gumanizm g‘oyalarini ilgari surish, tinchlikni mustahkamlash va insoniyatning ma’naviy taraqqiyoti uchun chet ellik fuqarolarga ham topshirilishi mumkin.
O‘zining ijodi va xalqaro jamoatchilik faoliyati bilan Chingiz Aytmatov jahon adabiyoti va san’atining rivojiga hissa qo‘shgan. Bundan tashqari, yangi davlat mukofotining ta’sis etilishi 2018 yilda Chingiz Aytmatovning 90 yillik yubileyi nishonlanishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qonun loyihasi Jo‘qorg‘u Keneshga ko‘rib chiqish uchun havola qilingan. Bugungi kunda Qirg‘iziston davlat mukofotlari ro‘yxatida 6 ta orden bor bo‘lib, bular — I, II, III darajali «Manas», «Qurbonjon dodho», «Danaker», «Dank», «Do‘stuq» va «Botir ona» ordenlaridir.
YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, Aytmatov bugungi kunning eng ko‘p o‘qilayotgan mualliflaridan biri. Uning asarlari 176 dan ortiq tillarga tarjima qilingan va 100 mln.dan ortiq nusxada dunyoning 128 mamlakatida nashr qilingan. Aytmatov asarlari ko‘plab mamlakatlarning maktab dasturlari va oliy o‘quv yurtlari dasturlariga kirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter