Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekkonsert» qanday ko‘rinishdagi kliplar efirga ketmasligiga oydinlik kiritdi

«O‘zbekkonsert» qanday ko‘rinishdagi kliplar efirga ketmasligiga oydinlik kiritdi

Foto: «O‘zbekkonsert» DM

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi kecha, 7-fevral kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash badiiy Kengashining xulosasini olish tartibiga eslatma»ni e’lon qildi.

Ushbu eslatma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 354-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirishda litsenziya olgan yuridik va jismoniy shaxslarga tushuntirish berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Unga ko‘ra, xulosa olish uchun ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida faoliyat yuritadigan “Kengash” ning mas’ul kotibiga taqdim etadi:

— xulosa berish to‘g‘risidagi ariza;

— qo‘shiqlar va ularga ishlangan yoki ishlanayotgan videokliplarni SD diskda hamda klipning qisqacha mazmuni (ssenariysi)ni, qo‘shiq matni, matn muallifi, ijrochi, bastakor haqidagi ma’lumot;

— xulosa olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan Kengashga bevosita yoki olinganligi tasdiqlangan holda aloqa bo‘limi orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi.

Xulosa olish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar vakolatli organ buning aksini isbot qilmaguniga qadar barcha hollarda ishonchli deb hisoblanadi.

Baholash mezoni

Kengash qo‘shiqlar va ularga ishlanadigan videokliplar saviyasini baholashda va litsenziatlarning arizalarni ko‘rib chiqishda:

— qo‘shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g‘oyaviy-badiiy darajasi;

— taqdim etilgan repertuarning milliy an’analarga va umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqligi;

— qo‘shiqlar va ularga ishlangan va ishlanadigan videokliplar (ssenariysi)da Vatanga sadoqat, sevgi, muhabbat va insoniylik singari ezgu g‘oyalar aks etganiga e’tibor qaratadi.

Litsenziatning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi, axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi asarlari ma’qullanmaydi.

Kengash badiiy jihatdan yetuk, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga muvofiq, xalqimizning mentalitetiga mos bo‘lgan qo‘shiqlar va ular asosida yaratilgan videokliplarning ommalashishiga ko‘maklashadi.

Shuningdek, klipda umuminsoniy va milliy madaniyatga zid bo‘lgan, nojoiz xatti-harakatlar, turli g‘oyaviy tahdidlar aks etmasligi lozim. Jumladan:

— giyohvandlik, spirtli ichimliklar targ‘iboti;

— qonli, terroristik hatti-xarakatlarni targ‘ib qiluvchi, urush va qo‘poruvchilikka mayl uyg‘otuvchi tasvirlar;

— dinlar va millatlar aro nifoq, ziddiyat uyg‘otuvchi unsurlar;

— davlat ramzlari (gerb, bayroq, Prezident) tasviridan nojoiz, noo‘rin foydalanish;

— turli firma, kompaniyalar hamda ularning mahsulotlarini oshkora va yashirin reklama qilish;

— yotoqxona va boshqa xosxonalarda xonandalarning yonboshlab, o‘zbekona odob qoidalariga zid holatda qo‘shiq kuylashi;

— ommaviy madaniyatga xos tarzda ochiq-sochiq, yirtiq-yamoq, yarim-yalang‘och kiyinish holatlari;

— shahvoniy hirs va behayolikni, yengil-yelpi hayotni targ‘ib qiluvchi ohang va tasvirlar;

— tana a’zolariga tushirilgan turli tatuirovka va «naqsh»larni ko‘rsatish;

— erkak xonandalarning ayollar kabi kiyinishi, bezanishi, aytaylik, har xil ziraklar taqishi va shunga o‘xshash nomunosib holatlar;

— qo‘shiq matni va mazmuniga hech qanday aloqasiz ravishda, faqat qimmatbaho mashinalar-u qasrday uylarni, yarashiqsiz zebu ziynatlarni ko‘rsatib ko‘z-ko‘z qilish;

— muqaddas qadamjolar, tabarruk yodgorliklar, qutlug‘ merosimizga nisbatan hurmatsizlik qilingan holatlar;

— o‘zbekona urf-odatlarimizga yot, o‘rinsiz va beo‘xshov harakatlar.

Izoh: qo‘shiq matnidan kelib chiqqan holda foydalanilgan, ezgu g‘oyalar targ‘ibotiga xizmat qiluvchi salbiy obraz va holatlar, agar maqsad amalga oshgan bo‘lsa, Kengash tomonidan rad etilmaydi.

Kengash tomonidan ko‘rsatilgan kamchilik va nuqsonlar bartaraf etilgach, klip qayta ko‘rikka taqdim qilinishi mumkin. Ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangan kliplar efir va boshqa namoyishlarga tavsiya etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring