Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yig‘ilish o‘tkazdi. Ijodkorlarga uy-joy berilib, gonorarlari oshiriladi

Prezident yig‘ilish o‘tkazdi. Ijodkorlarga uy-joy berilib, gonorarlari oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Foto: «President.uz»

Bugun, 25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va ijodiy tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Ularning faoliyatiga tanqidiy baho berilib, bu boradagi ishlarni faollashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Davlat rahbarining O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatida bir qator kamchilik va muammolar uchrayotgani, ularni tezlik bilan bartaraf etish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Tegishli mutasaddi rahbarlarga P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejida 400 o‘rinli, Respublika dizayn kollejida 200 o‘rinli o‘quvchilar turar-joyini qurish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash yuzasidan topshiriq berildi.

Majlisda madaniyat va san’at sohalarida sidqidildan xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning uy-joy, ijtimoiy va tibbiy sharoitlarini yaxshilash, gonorarlar miqdorini oshirish, yosh iste’dod egalarining salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

— Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak: mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Xalqimizning rivojlanish darajasi avvalo milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu ma’noda, madaniyat – bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni avvalo milliy madaniyatimizni rivojlantirishimizdan boshlashimiz lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring