Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident to‘rt yildan beri qurilayotgan mahobatli inshootga bordi (foto)

Prezident to‘rt yildan beri qurilayotgan mahobatli inshootga bordi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

— Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma’naviy qudratini ko‘rsatishi qayd etildi.

— O‘tgan yili Qashqadaryoda «O‘zbekiston GTL» zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning  iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi, — deya ta’kidladi Prezident.

Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.

Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mushafi qo‘yiladi.

Bu zal atrofida yana 8 ta – «Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo», «Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi», «Ta’lim», «Ilm-fan», «Me’morchilik va shaharsozlik», «San’at va badiiy hunarmandchilik», «An’analar» hamda «Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston» bo‘limlari joylashadi.

Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi.

Prezidentimiz «Ilm-fan» bo‘limini ko‘zdan kechirdi. Alloma bobolarimiz merosini keng va ta’sirchan targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar namunalarini ham ko‘rdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring