Ozodbek Nazarbekov: «Yoshlar tezroq pasport olsamu, Rossiyaga ketsam, deydi»

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugun OAV xodimlari bilan uchrashuv tashkil etdi. Uchrashuvda vazir madaniyat sohasidagi muammolarga to‘xtalib, ularning yechimini topishda jurnalistlardan ko‘mak so‘radi.
«Men bugun jurnalistlarni kelishib olish uchun chaqirdim. Masala nimada? Madaniyat sohasida muammolar ko‘p va ularni yoritishda OAV yordami kerak.
Siz — jurnalistlar muammolarni ko‘tarib chiqmoqdasiz va katta natija ko‘rsatmoqdasiz. Jurnalistlar — o‘z ixtiyori bilan bayroq ko‘tarib chiqqan odamlar. Sizning yordamingiz har bir sohada zarur.
Jamiyatning madaniy salohiyati isloh bo‘lmas ekan, boshqa sohada ham yangiliklar bo‘lmaydi.
Men sohadagi barcha muammoni ichidan bilaman, deb ayta olmayman. Soha juda keng va hammasini bilish uchun menga jurnalistlar yordami kerak. Millat va Vatan manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgan taqdirdagina natijaga erisha olamiz.
Madaniyat sohasidagi muammolar nima uchundir jurnalistlar tomonidan kam yoritiladi. Istardimki, tizimdagi muammolar diagnozini jurnalistlar aniqlab bersa.
Shu vaqtga qadar madaniyat sohasi xodimlari san’atkorlarga xizmat qiladigan odamdek harakat qilganlar. Tuman va viloyatlarda esa gapirmasa ham bo‘ladi, o‘zini bir «usilitelchi»dek his qiladi, mikrofon qo‘yib bersa bo‘ldi. Hokimlarning topshirig‘ini bajaradigan odamga aylanishgan.
Madaniyat tizimida faoliyat yuritayotgan har bir inson katta obro‘ga ega bo‘lishi kerak. Imom fatvo bersa odamlar qanday qabul qiladi? Madaniyat xodimi ham shunga yarasha bo‘lishi, jamiyat uni xuddi shunday qabul qilishi kerak.
Bunday katta talabga javob bera olmaganlar madaniyat tizimini tark etadi va ularning o‘rniga yangilar, fidoyilar keladi.
Sohada korrupsiya bor, ammo buning sababi qayerda? Maosh kam! Olti yuz ming so‘m oylikka ishlaydigan odam pul topishning boshqa yo‘lini qidirishi turgan gap. Muammolarni bartaraf etish uchun avvalo o‘sha muammolarni bilish kerak.
Jamiyatni «gastarbayterlik» kayfiyatidan qutqarish uchun ham madaniyat kerak. Viloyatlarda ota-onalarning eng katta orzularidan biri — bolasi tezroq pasport olsayu, Rossiyaga ketsa. Bolaning ham orzusi shu. Muqaddas orzusi, deb aytsa ham bo‘ladi.
Biz madaniyat sohasidagi ishlarimiz bilan xalqimizning fikrlashini o‘zgartirishimiz lozim», — dedi Ozodbek Nazarbekov.
Yig‘ilish davomida shuningdek teatr, musiqa va boshqa sohadagi muammolar ko‘tarildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter