Ozodbek Nazarbekov Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan mukofotlandi
Bugun Tashkent City saylgohining amfiteatrida Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi san’at va madaniyat sohasi vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlanishi to‘g‘risidagi Farmoni e’lon qilindi va rasmiy tarzda masofadan topshirildi.
Turkmanistonning ushbu yuksak unvoni bilan Ozodbek Nazarbekov ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, qo‘shiq va musiqa san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti, Qoraqalpog‘iston xalq artisti unvonlari bilan taqdirlangan.
O‘z o‘rnida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkmaniston davlat rahbariga chuqur minnatdorchiligini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda san’at va madaniyatning roli nechog‘li muhim ekanini ta’kidladi.
«Ikki davlat do‘stlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida kamtarona qilgan mehnatimiz yuqori darajada baholanganligi uchun Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich, Sizga, qardosh turkman xalqiga chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildiraman. Ushbu faxriy unvonning berilishi xalqlarimiz o‘rtasida madaniyat sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida shijoat bilan mehnat qilishimizga kuch beradi», — dedi O.Nazarbekov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter