Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozodbek Nazarbekov: «Milliy g‘ururni ko‘tarib, mardikorchilik kayfiyatini yo‘qotishimiz kerak»

Ozodbek Nazarbekov: «Milliy g‘ururni ko‘tarib, mardikorchilik kayfiyatini yo‘qotishimiz kerak»

Foto: Behzod Abdujabborov / Madaniyat vazirligi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Sulton Jaloliddin Manguberdi seriali suratga olinishi yuzasidan tarixchi olimlar va mutaxassislar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida vazir filmni suratga olish talablari va uning vazifasi haqida fikr bildirdi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri ma’lum qildi.

«Tarixiy mavzu O‘zbekistonda ancha vaqt yopiq qoldi, filmlar suratga olinmadi. Ammo kimdir ish boshlagandi hamki norozilar bayroq ko‘tarib chiqdi. Turli tanqidlarni eshitmoqdamiz. Shuning uchun tarixchi olimlar bilan uchrashib, gaplashib, muhokama qilib olishni istadik.

Film suratga olishda tarixiy faktlar bilan birga badiiylikka ham urg‘u berish shart. Men bu gapni marketolog sifatida aytmoqdaman. Marketolog kim? «Shum bola» olmani bozorda yarim soatda sotib bo‘ladi-ku, o‘sha marketolog. Biz ham olmani sotishni bilishimiz kerak.

Demak, marketolog sifatida shuni aytmoqchimanki, agar biz Jaloliddin Manguberdi haqida faqat tarixiy dalillar asosida film oladigan bo‘lsak, uni odamlarga ko‘rsatishimiz qiyin bo‘ladi. Faqat shakl bilan bo‘lib, asosiy mavzu chetda qolib ketadi.

Biz Jaloliddin Manguberdini qahramon sifatida ko‘rsatishimiz lozimki, yoshlar ergashishi mumkin bo‘lgan idealni ko‘rsataylik. Agar tarixiy kiyim bunaqa bo‘lishi kerak, rangi bunday bo‘lishi kerak edi, desak, o‘z muammolarimizda o‘ralashib qolamiz.

Mazmun qolib, shaklga yopishish holati ko‘p uchramoqda. Shu bois ham tarixchi olimlarimizni chaqirdikki, mana shu masalani gaplashib olishimiz lozim.

Agar biz odamlar ko‘radigan film olishni istaydigan bo‘lsak, badiiylikka urg‘u berishimiz lozim. Aks-holda filmimiz tokchada chang bosib qolib ketadi.

Yaqinda Jaloliddin Manguberdi haqida izlanishlar olib borgan mutaxassislar bilan bahslashib qoldim. Ular mendan faqat tarixiylikni talab qilishmoqda. Men o‘sha insondan so‘radim: «Siz kitobingizni qaysi tilda yozgansiz?» «O‘zbek tilida», — deb javob berdi. «Qaysi o‘zbek tilida, o‘n ikkinchi asr tilidami?» «Yo‘q, men kitobimni bugungi kitobxon uchun yozganman», degan javob oldim. Endi meni aytar gapim shuki, biz ham bugungi tomoshabin uchun kino olmoqchimiz.

Bugungi tomoshabin filmni qabul qilishi juda qiyin. Shuning uchun bugunning talabi bilan ishlash kerak. Balki ellik yildan so‘ng tomoshabin bizning filmimizni ko‘rmas, chunki uning o‘z talablari bo‘ladi.

Har bir davrning o‘z realligi bor. Xonanda sifatida aytadigan bo‘lsak, agar Ma’murjon Uzoqov hozir, xuddi o‘sha holatida paydo bo‘lsa va ijod qilsa, tinglovchi uni qabul qilmasligi mumkin. Chunki har bir davrning o‘z talabi bor. Balki Ma’murjon Uzoqovga o‘xshash xonandalar bordir oramizda hozir ham. Ammo tanila olmayapti. Chunki talab boshqacha.

Biz ham davr talabidan kelib chiqib film ishlashimiz lozim.

Zamon talabidagi filmni suratga olish uchun bir kishining qarori kamlik qiladi. Bu narsa faqat menga bog‘liq emas. Qaysidir joyda operatorning aytgani bo‘ladi, qaysidir vaziyatda esa ssenarist yoki rejisser. Dekoratsiyada ham gap katta.

Agarda biz dunyo darajasidagi film suratga olishni istasak, badiiylikka e’tibor berishimiz kerak. Jaloliddin Manguberdi haqida hujjatli filmlar ham, ilmiy ishlar ham internetda yetarlicha. Ammo undan faqat ilm bilan shug‘ullanayotganlar foydalana oladi.

Ommaga yetkazib berishda esa tarixiy obrazlarni badiiylashtirmay ilojimiz yo‘q. Jaloliddin Manguberdi mavzusi juda nozik, biz uni uvol qilib qo‘ymasligimiz kerak.

Bizni tashqaridan hech kim tanqid qilmaydi. Barcha kelishmovchilik o‘z ichimizda. Mavzudan uzoqda bo‘lganlar ham hozir gapirmoqda. O‘zbekistonda ssenariyni faqat men o‘qiganman va Boboxon Muhammad Sharif o‘qigan. Ammo bilmay turib gapirayotganlar ko‘p.

Hozir bizda millat sifatida o‘zimizga bo‘lgan ishonch juda susayib ketgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, mardikorchilik kayfiyati bor. Biz milliy g‘ururimizni ko‘tarish uchun g‘oyani kuchaytirishimiz lozim. Yoshlarimizning qaddini ko‘tarishimiz lozim», — deydi Ozodbek Nazarbekov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring