«O‘zbekkonsert» DM direktori: «San’atkorlar yoppasiga nashida kuylagani bilan ramazonning qadri yuksalib qolmaydi!» (video)
31-may kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida «Milliy estrada san’atining yoshlar ma’naviy, axloqiy tarbiyasidagi o‘rni va san’atkor odobi» mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishni olib borgan «O‘zbekkonsert» direktori Odil Abduqahhorov san’atkorlarning jamoatchilik o‘rtasida o‘zini tutishi, ayrim xatti-harakatlari bilan aholi, ayniqsa, yoshlarga noto‘g‘ri o‘rnak bo‘lishayotgani, san’at vakillari o‘rtasida turli odatlar avj olib borayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi:
— Avvalo turli madaniy tadbirlarga muntazam qatnashib kelayotganlaringiz uchun sizlarga katta rahmat. E’tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi ikki yilda mamlakatimiz hayotida juda katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Madaniyat va san’at sohalari ham Prezidentning e’tiboridan chetda qolmadi. Bu sohalarga oid yigirmadan ortiq qaror qabul qilinishi ham so‘zimizning yaqqol isbotidir. Oxirgi qarorlardan biri bo‘lgan madaniyat sohasi xodimlari maoshining 45 foiz oshirilishi ham katta yutuq bo‘ldi. Yana estrada san’atkorlarining daromad solig‘i 5 foizga tushirildi. Ammo shuncha e’tiborga qaramay yaratilayotgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilish holatlari uchrab turibdi.
Sizlar bilan atay suhbatlashib olish uchun ramazon oyini tanladik, sababi to‘y xizmatlari yo‘q, san’atkorlar band emas, bizni o‘ylantirayotgan ayrim masalalarni ochiq-oydin gaplashib olishga imkoniyat bo‘ladi.
Birinchi ko‘pchilikka odat bo‘layotgan soqol qo‘yish masalasiga kelsak. Mayli, ramazon kunlari soqol olishmasa, tushunarli. Ammo bu gap soqolni o‘ziga imij qilib olganlarga qaratilgan. Axir soqolning ham o‘ziga yarasha hurmati bor, soqol qo‘ygan inson shunga munosib bo‘lishi kerak emasmi? Kechirasiz, soqol qo‘yib, yirtiq shim kiyib yurishni qanday tushunish mumkin? Bu g‘arbga taqlid-ku. Biz avvvalo o‘zbekmiz — millatimizga xos odatlarni qilishimiz kerak. Xalqimiz sizlar o‘ylagandan ancha aqlli, ular sizning soqolingizga emas, san’atingizga baho beradi. Ayrimlar internetga yuzi qolib soqolining suratini joylashtirmoqda. Albatta, soqol dinimizda sunnat qilingan, ulamolarimiz soqol qo‘yishadi. Lekin soqol qo‘ygandan keyin dinimizning boshqa talablariga ham javob berish kerak. Soqol bilan masjidga borib namoz o‘qiyotganini suratga tushirib, hammaga tarqatgani bir «pokazuxa». Ertasiga xuddi shu soqol bilan diskotekaga borib qilayotgan ishlarini biz ko‘rmayapmizmi? Iltimos, buni to‘g‘ri tushuninglar, yoshlar sizlardan o‘rnak olayapti.
Ikkinchi masala, kecha «Youtube» saytiga kirib, hayratda qoldim. Ramazon kunlari juda ko‘p san’atkorlarimiz salovat nashidasini aytishmoqda. Ular orasida hatto litsenziya olmaganlari ham bor. Masalan, Shohruz Abadiya degan qo‘shiqchi litsenziya olmasdan turib, soqollarni o‘stirib olib, plyajda salovat aytib yuribdi. Kechirasiz, salovat musiqa bilan aytilmaydi. Hatto bu sohada juda mashhur bo‘lgan san’atkor Samiy Yusufga ham arab ulamolari e’tiroz bildirgan ekan. Albatta, bu har bir san’atkorning shaxsiy ishi, ammo ma’lum bir tartiblarga amal qilish kerak. Ramazon oyini Alloh taolo shunchalik ulug‘lab qo‘yganki, hech kim bundan orttirolmaydi. Sizlar aytayotgan salovat nashidasi bilan ramazon oyi ulug‘lanib qolmaydi. Axir busiz ham qo‘shiq qilish mumkin bo‘lgan mavzular ko‘p-ku.
Masalan, Kaniza, Sabina ismli xonandalarimiz salovat aytishibdi.
(Shu payt zaldan kimdir savol berdi: «Salovat nimaligini bilisharmikan ular o‘zi?»)
Ha, men ham shu narsaga e’tibor qaratmoqchiman. Bular salovat deb aytayotgan narsa nashida deyiladi. Salovat payg‘ambarimizga aytiladi!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter