«O‘zbekkino» Milliy agentligi «Assalom Navro‘z» kino oyligiga start berdi
24 mart kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan «O‘zbekfilm» binosida «Assalom Navro‘z» kino-oyligi doirasida tantanali kecha tashkil etildi. Shuningdek, joriy kundan kino-kunlariga ham start berildi. Bo‘lib o‘tgan kechada sumalak sayli tashkil etilib, estrada yulduzlari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Tadbirda o‘zbek kinosi ijodkorlari, aktyor va aktrisalar, san’at va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etishdi.
E’lon qilingan oylik davomida Fotih Jalolovning «Muqimiy», Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» badiiy filmlari va hujjatli filmlar namoyishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sentyabr oyi oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalining tashkiliy masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tadi. Oylikda 2021 yil kinoloyihalar va Adiblar xiyoboni bo‘yicha tayyorlangan hujjatli filmlar yuzasidan davra suhbatlari va kinoda ayol qiyofasi mavzusida «Ayollar media klubi« muhokamalari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Raximovaning 80 yilligi munosabati bilan maxsus ijodiy kecha ham taqdim etiladi.
Shu bilan birga viloyatlar bo‘ylab kinoijodkorlar ishtirokida namoyishlar va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib kelayotgan «Kinokarvon» loyihasi o‘z safarini Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida davom ettiradi. Ushbu loyiha davomida o‘zbek kinosi yulduzlari ishtirokida joylarda ijodiy uchrashuvlar va Muhammadali Iskandarovning «Men terrorchi emasman», Ergash Mo‘minovning «Orzular qanotida», Hilol Nasimovning «Meros», Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» va Fotih Jalolovning «Muqimiy» filmlari premeralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Karvon bilan birga yo‘lga chiqadigan mobil kinoteatr eng olis qishloqlargacha yetib borib, mahalliy aholiga ushbu filmlar namoyishini uyushtiradi.
Yangi kino oylik munosabati bilan «O‘zbekkino» Milliy agentligi o‘zbek kinosi klassik durdonalari «Tohir va Zuxra», «Alisher Navoiy», «Mahallada duv-duv gap», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» kabi yana 8ta badiiy va 100 dan ortiq multiplikatsion filmlarning etalon negativlarini Rossiya davlat kinofondidan yurtimizga qaytardi. Filmlar oylik doirasida yurtimiz telekanallariga tantanali ravishda taqdim etiladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
«O‘zbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter