O‘zbekistonlik xonanda Yevropaning nufuzli san’at saroylarida yakkaxon konsert berdi
Pandemiya davrida to‘xtab qolgan xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlar yana davom eta boshladi.
«Nihol» mukofoti sovrindori Gulzoda Xudoynazarova sozandalar Bekzod Safarov, Farrux Vohidovlar hamrohligida joriy yil 19 fevraldan 11 martga qadar Germaniya, Polsha, Belgiya, Fransiya hamda Shveysariyadagi nufuzli san’at saroylarida yakkaxon konsert berdi.
YuNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan joy olgan Shashmaqom hamda katta ashulaning mumtoz namunalaridan iborat ijodiy dastur yevropaliklarga manzur bo‘ldi. Xususan, Per Bulez nomidagi san’at saroyi (Berlin), Moler teatri (Bryussel), Sankt-Gallen teatri hamda Hamburg filarmoniyasida jam bo‘lgan san’at muhiblari hayratu tahsinini olqishlar ila izhor etdi.
Konsertlar davomida xalqaro ekspert Husniddin Ato O‘zbekiston musiqa madaniyati, Shashmaqom merosi, milliy cholg‘ular haqida ma’lumot berib, tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Qayd etilishicha, ushbu ijodiy safar OXUS Culture madaniyat tashkiloti va uning xorijdagi hamkorlarining bir necha yillik mehnati samarasidir. Mazkur tashkilot milliy musiqa merosimizni jahon sahnalarida keng targ‘ib etishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Shashmaqom, katta ashula, Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llaridagi ashulalar, hamda mumtoz va xalq musiqa merosi namunalarining mahoratli ijrochisi sanalgan Gulzoda Xudoynazarova avval ham Yevropa mamlakatlarida konsertlar namoyish etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter