Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston paviloni kino bozoridagi hamkorlik uchun muhim maydondir

O‘zbekiston paviloni kino bozoridagi hamkorlik uchun muhim maydondir

Foto: «O‘zA»

Kann xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Kinematogarafiyani rivojlantirish markazi tomonidan O‘zbekiston milliy pavilonining tashkil etilgani xalqaro kinoindustriyani rivojlantirish, jahon kino bozoriga chiqish, xorijlik kinoijodkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.  O‘zbekiston milliy paviloniga birin-ketin kirib kelayotgan xorijlik mutaxassislar o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashmoqdalar. 

Xususan, pavilonning ilk mehmonlari Yaponiyaning Tokio kinokomissiyasi vakillari bo‘lib, ular O‘zbekistonning boy lokatsiyasi, tabiati, tarixiy obidalari va kino suratga olish uchun mavjud shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

— O‘zbekiston pavilonida biz maxsus katalog va jurnallar vositasida yurtingiz haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. To‘g‘risini aytganda, O‘zbekistonda filmlarni suratga olish uchun bunday katta imkoniyatlar bor ekanidan bexabar edik. Har qanday kinoijodkor uchun bunday qulay sharoitda ishlash o‘ta muhim. O‘ylaymizki, o‘zbek kinokomissiyasi bilan bugungi tanishuvimiz samarali hamkorlik sari qadamdir, - deydi Motoko Matsumoto (Tokio film komissiyasi menejeri).

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasida kino sohasida ko‘plab hamkorliklar amalga oshirilgan. Jumladan, o‘zbek va yapon kinoijodkorlarining «Oyijon» filmi, 2003-yilda yaponiyalik kinochilarning Toshkent va Jizzax viloyatlarida suratga olingan «Ajdaho boshi» kartinalari fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Milliy pavilonning navbatdagi mehmoni fransiyalik prodyuser va distribyuter Mishel M.Poirer bo‘ldi: «O‘zbekiston milliy paviloni birinchi marta tashkil etilibdi. Bayrog‘ingizni ko‘rib xursand bo‘lib ketdim. Men O‘zbekistonda avval bo‘lganman. Shu sababdan ham atayin sizlar bilan tanishish, ochiq yuzli o‘zbek xalqini ko‘rish uchun kirdim. Pavilondan juda ko‘p ma’lumotlar oldim. Bildimki, o‘zbek kinosi yangi bir bosqichga ko‘tarilayotgan ekan. Prodyuser sifatida kelajakda O‘zbekiston hududida fransuz filmini yoki qo‘shma loyiha asosida fransuz-o‘zbek kinosini suratga olish niyati tug‘ildi».

Suat Kocher – Malatya kinofestivali direktori (Turkiya):

— O‘zbekistonlik qardoshlarimni milliy pavilon tashkil etganlari bilan tabriklayman. Turkiya sakkiz yildan beri Kann xalqaro kinofestivalida o‘zining milliy paviloni bilan ishtirok etadi. Bu yil esa o‘zbekistonlik hamkasblarimni ko‘rib turganimdan juda xursandman. Rosti, o‘zimni O‘zbekiston pavilonida emas, balki o‘z yurtim pavilonida turgandek his etyapman. Menga pavilon vakillari «PROlogue» kinofestivali haqida batafsil axborot berishdi. Bu festivalda shaxsan ishtirok etish, sizlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, Turkiyada tashkil etiladigan Malatya xalqaro kinofestivali bilan «PROlogue» o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Bundan avval yurtingiz paviloni xalqaro kinofestivallarda tashkil etilmagani bois yuzma-yuz ko‘rishish, yaqindan hamkorlik qilish uchun muzokaralar olib borish imkoniyati bo‘lmagan edi. Biroq hozir ham kech emas. Hamkorlik sari birgalikda harakat qilamiz.

Mahfuza Ortiqova, O‘zA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring