O‘zbekiston ilk bor Berlin xalqaro kinofestivalida o‘z milliy pavilioni bilan ishtirok etadi
O‘zbekiston delegatsiyasi 7-15-fevral kunlari butunjahon kinosanoati vakillari uchun eng yirik tadbirlardan biri bo‘lgan Yevropa kinobozorida birinchi marta o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etadi. Mazkur yirik kinematografiya biznesi maydonchasi «Berlinale», ya’ni Berlin xalqaro kinofestivali doirasida tashkillashtiriladi. Bu haqda «O‘zbekkino» matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda Yevropa kinobozori o‘rtasida erishilgan kelishuvga ko‘ra bu yil kinomarketning yuzlab stendlari orasida O‘zbekiston milliy pavilioni ham bo‘ladi. Unda mamlakatimizning tajribali va yosh kinomutaxassislaridan iborat delegatsiya qatnashib, xorijiy kinokompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishadi.
Delegatlar jahon kinosanoati vakillari bilan O‘zbekiston ishtirokida qo‘shma kinoloyihalar qilish (koprodakshn) hamda chet el kinokompaniyalarini yurtimizga filmlar suratga olish uchun aloqalar o‘rnatishni maqsad qilishgan.
Mutaxassislar kinoturizm rivoji mamlakatga sayyohlar oqimini ko‘payishiga yordam berishiga ishonmoqda.
Ushbu pavilonni tashkillashtirishda «O‘zbekkino» Milliy agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi yaqindan ko‘maklashdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi 2018-yilda O‘zbekiston Prezidentining milliy kinoindustriyani rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.
«O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Rizayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 6-fevral kuni Berlin shahriga jo‘nab ketadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter