O‘zbekiston bo‘ylab doston kechalari o‘tkaziladi
Qashqadaryoda «Voris» nomoddiy-madaniy merosni rivojlantirish markazi hamda «Oxus Culture» jamiyati tashabbusi bilan viloyat madaniyat boshqarmasi, Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashgan maktab-internati, viloyat kasaba uyushmalari birlashmalari hamkorligida doston kechasi tashkillashtirildi. Kechada o‘ndan ortiq baxshilar qatnashdi.
«Voris» nomoddiy-madaniy merosni rivojlantirish markazi direktori Fotima Jumayevaning ma’lum qilishicha, viloyatda shunday doston kechalari yetti marotaba tashkil etilgan.
Kechada Sherobod dostonchilik maktabi an’analaridan «Malla savdogar», «Kelinoy», «Ollonazar Olchinbek», «Alpomish» xalq dostonlari, Xorazm dostonchilik an’analaridan «Oshiq G‘arib va Shohsanam» hamda «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi» dostonlari, Qoraqalpog‘iston dostonchilik an’analaridan «Sayatxan - Xamra» va «Kuntug‘mish» dostoni jonli tarzda, to‘liq ijro etildi.
Ma’lum qilinishicha, qashqadaryolik baxshilar o‘z san’atlarini Kanada, AQSh, Irlandiya, Angliya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston davlatlarida ham namoyish etib kelmoqda.
Qashqadaryo viloyatida an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan shunday doston kechalarini O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter