O‘zbekiston ansambli Xalqaro folklor festivalida Gran-pri sohibi bo‘ldi
2018 yilning 23 avgustidan 3 sentyabrga qadar Bolgariya Respublikasida «World Folk» nomli xalqaro folklor chempionati bo‘lib o‘tdi, unda 72 ta davlatdan 98ta jamoa ishtirok etdi. Ushbu festival Yevropa Folklor Festivallari federatsiyasi hamda UNESCO tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi an’anaviy xalq san’atini ommalashtirishdir. Festivalda O‘zbekiston Respublikasidan «Maqom» ansambli o‘z ijodini namoyish etdi.
Ansamblning tashrifi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlanitirish jamg‘armasi hamda Toshkent viloyati hokimiyati tomonidan tashkil etildi.
Ansambl O‘zbekiston Respublikasi Xalq artisti Soyibjon Niyazov boshchiligida hamda tarkibida 20 nafar cholg‘u ustalari va ijrochilari bilan birgalikda oltita bosqich natijalari bo‘yicha Gran-pri sohibiga aylandi. Qolgan sovrinli o‘rinlar hay’at a’zolari tomonidan quyidagicha taqsimlandi: Birinchi o‘rinni Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan folklor guruhi egalladi, ikkinchi o‘rinni Gruziyalik folklor ustalari egallashdi, uchinchi o‘rin esa Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan ijrochilarga nasib etdi.
Mazkur festival 1992 yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. Unda Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrika davlatlari folklor jamoalari ishtirok etadi. Festival «Bugun va abadiy do‘st bo‘lib qolamiz» shiori ostida o‘tkaziladi. Konsert dasturlari Varna shahridagi mashhur Yozgi teatrda va boshqa joylarda bo‘lib o‘tadi. Asosiy dasturga qo‘shimcha sifatida shahar ko‘chalarida sayillar, hunarmandchilik yarmarkalari, va Varna shahrining tarixiy obidalarini ziyorat qilish kiritilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter