Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek shoirasi Bokuda olqishlandi

O‘zbek shoirasi  Bokuda olqishlandi

O‘zbek-Ozarbayjon adabiy aloqalari qadim an’analari bilan bugunga qadar yashab kelmoqda. Xalqimiz Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy kabi Ozarbayjon mumtoz shoirlarini, zamonamizning ulug‘ adibi Anor va iste’dodli shoir Romiz Ravshan asarlarini, taniqli adabiyotshunoslar Yashar Qosim va Akif Bag‘ir adabiy-tanqidiy maqolalarini sevib o‘qiydi.

Quvonchlisi, bu kabi adabiy do‘stlik rishtalarini yangi adabiy avlod vakillari ham yuksaklikka ko‘tarishmoqda. Xususan, bu borada «Kitob dunyosi» gazetasi tahririyati va gazeta bosh muharriri Xosiyat Rustamova tashabbuslari tahsinga loyiq.

Ikki kun avval Ozarboyjon matbuot agentligi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Kitob dunyosi» gazetasi bosh muharriri, iste’dodli shoira Xosiyat Rustamovaning «Ozarboyjon - O‘zbekiston adabiyoti va uning targ‘ibotidagi ulkan xizmatlari, «Kitob dunyosi» gazetasidagi targ‘iboti uchun maxsus diplom bilan takdirlangandi. Kuni kecha Bokudan yana bir xushxabar keldi. Turk xalqlarining umumdunyo kongresi Xosiyat Rustamovaning qardosh turkiy xalqlar adabiyoti va madaniyati taraqqiyoti hamda ular o‘rtasida birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlashdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi va shoirani faxriy yorliq bilan mukofotladi. Eslatib o‘tamiz, Xosiyat Rustamova Bankokda o‘tkazilgan «Open Evrazia-2018» xalqaro tanlovida poeziya yo‘nalishida 1-o‘rin sohibiga aylangandi.

U yaqin kunlarda Belgiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda ishtirok etadi va shoiraning kitobi Londonning nufuzli nashriyotida katta adadda chop etilishi kutilmoqda.

Sanjarbek HAMIDOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring