Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek rejissyori suratga olgan film xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi

O‘zbek rejissyori suratga olgan film xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Yoshlik» kinostudiyasi tomonidan Sherzod Nazarov rejissyorligida suratga olingan «Ipak yo‘lida» («On the silk road») qisqa metrajli filmi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi. Joriy yilning 1-11 noyabr kunlari AQShning Los-Anjeles shahrida o‘tkazilgan AWFF-2021 («Asian World Film Festival») xalqaro kinofestivalida «Ipak yo‘lida» filmi «Osiyoning eng yaxshi qisqa metrajli filmi» nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Avvalroq ushbu film «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalida ham «Gran-pri»ni qo‘lga kiritgan edi.

Mazkur kinokartina «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida suratga olingan va «Gran-Pri» hamda «Eng yaxshi aktyor» nominatsiyasida g‘olib chiqqan. Kinokartina borasida HFPA (Hollywood Foreign Press Association) hakamlar hay’ati a’zosi Mari Ruhban quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Yosh o‘zbek rejissyorining «Ipak yo‘lida» filmi menga juda yoqdi. Darhaqiqat, O‘zbekiston Rim va Xitoy sivilizatsiyalarini, G‘arb va Sharqni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan markaziy davlatlardan biridir. Mazkur filmdagi voqea esa abadiydir. Film ajoyib va biz uning ijodkorlarini sharaflashdan mamnunmiz!»

Film ssenariynavis Shohjahon Subhonov, postanovkachi rejissyor Sherzod Nazarov, postanovkachi operator Diyor Ismatov, rassom Erkin Hushmatov va badiiy rahbar Ali Hamrayevlar tomonidan suratga olingan.

Sherzod Nazarov Kinematografiya agentligi yosh kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgani natijasida filmlari turli festivallarda g‘oliblikni qo‘lga kiritayotganini qayd etdi:

«Xalqaro maydonda g‘olib bo‘lganimizdan judayam xursandman va bu jamoam uchun ham katta yutuq, deb o‘ylayman. Meni qo‘llab-quvvatlagan barcha ustozlarimdan minnatdorman. Mazkur film 16-21 dekabr kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tadigan «Moskovskaya Premera» xalqaro kinofestivali dasturidan ham o‘rin olgan.Men ilk bor «Debyut-2020» kinofestivalida «Sartarosh» nomli filmimni suratga olgandim. «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalida «Ipak yo‘lida» qisqa metrajli filmi hamda «Bobom 90 yoshda» hujjatli filmini suratga oldim. Mazkur loyihalar kinofestivalda mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Kinematografiya agentligiga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Bu yutuqlar agentlikning yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashi natijasidir. Yosh kinoijodkor sifatida bunday imkoniyatdan judayam mamnunman ushbu yutuq menga yanada katta shijoat bag‘ishlashiga ishonaman!»

Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish borasida so‘zladi:

«Kinematografiya agentligi tomonidan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga berilayotgan rag‘bat va e’tibor yana davom ettiriladi. Joriy yilning yakunida yangi iste’dodlarni kashf qilish, sohada mahoratli yoshlar uchun ijodiy imkoniyatlar yaratish maqsadida yoshlar kinofestivali ham o‘tkaziladi. O‘ylaymanki, bularning barchasi o‘zbek kinosida yangi iste’dodlar tug‘ilishiga zamin yaratadi!»

Agentlikning «Yoshlik» kinostudiyasi direktori Aziz Qurbonov kinostudiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zladi:

«Kinostudiya tomonidan 2021 yilda 48 ta qisqa metrajli film, Zumrasha kinojurnalining 3 ta soni, 1 ta buyurtma asosidagi hujjatli film, 12 ta ijtimoiy rolik ishga tushirilgan. Hozirda bundan tashqari 11 ta qisqa metrajli film va 2 ta buyurtma asosidagi hujjatli film ustida yosh ijodkorlar tomonidan ish olib borilmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2020 yilning shu davriga nisbatan 5 barobarga ortiq. Kinostudiyada 2019 yilda 600 mln. so‘mlik moddiy texnik baza, 2021 yilga kelib, 1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilib, zamonaviy kino qurilmalari olindi. Bularning barchasi yosh kinoijodkorlarga yangi imkoniyat berish uchundir. Yosh rejissyor Sherzod Nazarovning «Ipak yo‘lida» filmi Toshkent xalqaro kinofestivalida «Gran-pri» mukofotiga loyiq deb topilib 15000 AQSh dollari mablag‘i bilan taqdirlandi. Bu ham yosh ijodkorlarning sohada erishayotgan katta yutuqlaridan dalolatdir».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring