Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek dublyajidagi sirli ovoz egasi — podpolkovnik Tohir Do‘stxo‘jayevni xotirlab... (video)

«Uyda yolg‘iz» filmining o‘zbekcha dublyajida Kevinning akasi – o‘spirin yigitcha Bazzga 60 yoshli dublyaj aktyori ovoz berganligini bilarmidingiz?

Yil boshida Kevinga ovoz bergan dublyaj aktyori – Jahongir Ismoilov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimizdan so‘ng, ko‘p sonli tomoshabinlar Bazzga kim ovoz berganligi bilan ham qiziqishgandi.  

Eng qizig‘i, tomoshabin o‘sha ovozni avval ham ko‘p marotaba eshitgan, yaxshi taniydi. Lekin ovoz egasining kimligi katta avlod vakillaridan mustasno, ko‘pchilikka noma’lum edi. Aktyorning ism-sharifini bilsalar-da, suratini ko‘rmagandilar.

O‘sha qadrdon ovoz egasi – Tohir Do‘stxo‘jayevdir!

Tohir Do‘stxo‘jayev (1946-2008 yillar)

 Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.

 Podpolkovnik.

 Dublyaj aktyori.

U dublyajdagi faoliyatida «O‘tkan kunlar», «Gang daryosining qizi», «Tanka», «Qo‘lga tushmas qasoskorlar», «Chukotka boshlig‘i», «Dushanbagacha omon bo‘lsak», «Men sizni sevardim», «Mening do‘stim Kolka», «Styuart Littl», «Uyda yolg‘iz» kabi va boshqa ko‘plab filmlarda turli xarakterdagi qahramonlarga ovoz bergan.  

  

Uning mayin, shirali va navqiron ovozi 60 yoshida ham o‘z ohangini yo‘qotmadi.

Yangi yil arafasida televizorimizdan o‘sha qadrdon ovoz yana eshitiladi: – Keviiin!!! Aktyor mana shu birgina chaqiriq ohangi bilan Bazzdagi xarakterni topgandi.

Tohir Do‘stxo‘jayev haqida, uning shaxsi, ijodiy faoliyati xususida singlisi, Nodira Do‘stxo‘jayevaning xotiralari orqali ma’lumot oldik.

Tohir Do‘stxo‘jayev Toshkentda 1946 yilning 16 yanvarida san’atkor oilasida tug‘ildi. «Chilonzor» mahallasiga Do‘stxo‘jayevlar oilasi 1957 yilning kuzida ko‘chib kelishdi. Tohir tumandagi 162-o‘rta maktabda o‘qidi. Keksa avlod uni maktabning eng sara o‘quvchilari sirasida hamon eslaydi. Maktabdagi birorta tadbir usiz o‘tmas edi. Tohir xoh adabiyot, xoh matematika, xoh kimyo bo‘lsin, barcha fanlarga birdek qiziqar va a’lo baholar olar edi. Shu sababdan, qaysi fandan olimpiada bo‘lsa, u doim tayyor edi. Ko‘plab fanlardan musobaqa g‘olibi bo‘lar edi. Sportga qiziqdi. Boks bo‘yicha tuman, shaharda birinchilikni olgan edi. Bu sohada yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Lekin Hakima aya – ona-da, o‘g‘lining u yer-bu yeri ko‘karib kelishlariga oxiri chidolmadi. Tohirdan boks bilan shug‘ullanmaslikni talab qildi. Albatta, Tohir aka sportni butunlay tashlamadi.

Maktabda o‘qir ekan, avvaliga O‘zbekiston radiosida bolalar uchun tonggi eshittirishlarni o‘qidi. Keyinchalik, uzoq yillar «Alanga» radiojurnali, «Yoshlik radiostansiyasi»ning bevosita eshittirishlari boshlovchisi bo‘lgan. Shu bilan birga, televideniyedagi «Yoshlik» ko‘rsatuvining ham boshlovchisi edi. O‘sha davrda eshittirish va ko‘rsatuvlarni magnit yoki raqamli tarzda yozib olib, keyin montaj qilish mumkin emasdi. Bu katta javobgarlikni talab qilar edi. U so‘z san’ati va mikrofon mas’uliyating barcha mashaqqatlariga chidadi.

Tohir Do‘stxo‘jayev maktabni oltin medalga bitirdi. 11 yillik ta’limdan so‘ng u Toshkent Politexnika institutining IFF (injener-fizika fakulteti) fakulteti talabasi bo‘ldi.

Tohir aka yoshligidan kamgap, kamtar, tafakkuri va fikr doirasi keng, o‘z mustaqil fikriga ega inson edi. E’tirof etish kerakki, uning nafaqat tashki madaniyati, balki ichki madaniyati ham sezilib turar edi. Hech qachon ovozini balandlatmas, nim ovozda gapirib, nim kular edi. Arofda kim bo‘lmasin, biror inson aziyat chekishiga yo‘l qo‘ymas edi.

Oliygohni a’lo baholarga bitirgan Tohir Do‘stxo‘jayev Politexnika institutida o‘qituvchi sifatida qoldirildi. Keyin u Leningrad – Sankt-Peterburgga 2 yillik stajirovkaga ketdi. So‘ngra shu shahardagi aspiranturaga kirdi. Yarim o‘tkazgichlar xususiyatini o‘rgandi. Shu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini 1978 yil, 17 mayda  muvaffaqiyatli himoya qildi. Dissertatsiyaga asos bo‘lgan ilmiy ma’lumot kashfiyot sifatida e’tirof qilindi va patentlandi.

Toshkentga kelganidan so‘ng O‘zRFA Yadro ilmiy-tekshirish institutida ratsionalizatorlik-ixtirochilik bo‘limi boshlig‘i bo‘ldi. O‘zRFA  Prezidiumida O‘zRFA  Prezidentining referenti vazifasida xizmat qildi.

Vaqt o‘tib, yana Toshkent Politexnika institutining harbiy kafedrasiga ishga keldi. Podpolkovnik unvonigacha ko‘tarildi.

Tohir Do‘stxo‘jayev asosiy kasbi – hozirda Texnika universiteti deb nomlanuvchi oliygohda fizika-matematika fanlaridan saboq berish bo‘lsa-da, san’atga oid jiddiy talablarga ellik yildan ortiq dosh berganiga, irodasiga tahsin aytmay iloj yo‘q. U nihoyatda tirishqoq, mas’uliyatli, hazilkash, nozik didli, va’daga albatta vafo qiluvchi inson edi.

Institutda fizika-matematikaga oid fanlaridan tahsil olish, keyinchalik dars berishdek jiddiy xizmat bilan barobar u «O‘zbekfilm» studiyasida badiiy film, multfilm va videofilmlarni ovozlashtirishda faol ishtirok etdi. U ovoz bergan film va multfilmlar juda ko‘p. Radio qo‘mitasidagi faoliyati davomida radiopostanovkalarda turli rollarni mahorat bilan o‘ynadi, radiopostanovkalar rejissyori assistenti ham bo‘ldi. Bu davrda Tohir akaning dadasi – atoqli radiorejissyor Ne’mat Do‘stxo‘jayevning shogirdlaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, sermahsul va iqtidorli rejissyor Javlon Toshxo‘jayev bilan ijodiy hamkorlik qildi. Shu davrda Tohir Do‘stxo‘jayev radiopostanovkalar uchun rus tilidan asarlar tarjima qildi. Bizning yodimizda qolgani – Nodar Dumbadzening «Men, Iliko va Illarion» asari.

Tohir Do‘stxo‘jayev kundalik yozardi. Uni rus tilida yozgan. Tohir aka o‘zbek tilining nozikliklarini chuqur anglar, uni bir filolog-mutaxassischalik tushunar edi. Aynan shu fikrni rus tilini mukammal egallaganligi haqida ham bemalol aytish mumkin. O‘rni kelganda ta’kidlash joiz, u qaysi tilda gaplashsa, boshqa tildan hech bir so‘zni aralashtirmay, toza gapirar edi.

Tohir akaning kundalik daftaridan olingan bir fikrni misol keltiramiz: «Vsegda  nado staratsya zanimat duxovno vigodniy uroven, a ne energeticheski vigodniy… Chelovek doljen staratsya zanyat uroven s maksimalnoy energiyey. Uroven ne znachit doljnost, a yest duxovnoye sostoyaniye» (8.06.1972). Bu gapni tarjima qilib, uning ajib bir uslubiga putur yetkazishga qo‘limiz bormadi. Tohir Do‘stxo‘jayevning fikridan ko‘rinadiki, mustabid zamon mafkurasi bilan yashamagan. O‘zining mustaqil fikrida sobit turgan. U zamonlarda ma’naviyatni ustun qo‘yish davlat siyosatiga zid edi. Ko‘rinadiki, Tohir aka o‘zigacha yashab o‘tgan ilg‘or ziyolilar kabi zamondoshlaridan o‘zib fikr yuritgan. U o‘z zamonasidan fikr va dunyoqarashi bilan ilgarilab yashagan shijoatli, kamtar, kamsuqum, jigarjon inson edi. Tohir Do‘stxo‘jayev 2008 yilning 26 mayida Toshkent shahrida 63 yoshida vafot etdi. 

Lobar Qobilova tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring