Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Muhtasham yuz yil. Ko‘sem imperiyasi»

«Muhtasham yuz yil. Ko‘sem imperiyasi»

Ayollarning sulton hokimiyatiga ta’siri naq bir asr (1550-yildan 1656-yilgacha) davom etgan.

Foto: «Youtube.com»

«Muhtasham yuz yil. Ko‘sem imperiyasi» – o‘tkir syujetli drama janrida yaratilgan tarixiy teleserial. Serial taqdimoti 2015-yilning 12 noyabrida «Star TV» telekanalida bo‘lgan. Ikki fasl, oltmishta qismdan iborat serial ssenariyini Yilmaz Shahin, Nyuket Bichakchi yozgan. Prodyuser – Timur Savji. «Muhtasham yuz yil. Ko‘sem imperiyasi»da Nurgul Yeshilchay, Farah Zaynab Abdulloh, Laylo Feray, Asli Tandog‘an, Eje Cheshmio‘g‘lu, Metin Akdyulger, Anastasiya Tsilimpiu, Beren Saat, Xyulya Avshar singari aktyorlar guruhi suratga tushgan.

Ko‘sem sulton Usmoniylar davlati tarixida bir emas, bir necha hukmdor sultonning onasi bo‘lmish Buyuk volida-ayol sifatida qolgan. Uning shaxsi har doim tarixchilarni ham, boshqalarni ham qiziqtirgan. Ammo, tabiiyki, serialga tarixiy haqiqat bilan birga badiiy to‘qimalar ham kiritiladi.

Ma’lumki, sultonning haramiga ko‘plab kanizaklar keltirilgan, ammo ularning hammasi ham hukmdorning mahbubasiga aylanmagan – asiralar xizmatkorlik qilishgan, saroyda tarbiyalanib, dars olishgan, turmushga chiqishga, ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng haramni tark etishga ham imkon topishgan. 

Ahmad va Ko‘sem ilk bor uchrashganda hali o‘smir bo‘lishadi, ammo buni serialda ko‘rsatish imkoni bo‘lmagani bois bu qahramonlarni katta aktyorlar o‘ynagan. Aslida sulton va kanizak deyarli tengdosh bo‘lgan.

Sultonning sevgisi va kanizaklar

Usmoniy sultonlar tarixdagi eng qudratli hukmdorlardan bo‘lgan, shu bois ular uchun istagan ayollarini qo‘lga kiritish katta muammo emasdi. Biroq Ahmadning Anastasiya (bo‘lajak Ko‘sem) suratiga g‘oyibona oshiqligi tarixi – ssenariynavislarning tasavvuri mevasi.

Aslida Ahmadning haramidagi kanizaklar yetarli bo‘lib, yosh kanizakni u saroyga kelgandan keyingina sevib qolgan. Tarixchilarning taxminicha, Ko‘sem saroyga Ahmad hukmronligiga qadar kelib qolgan, ammo otasi Mehmetning haramiga tushmagan, chunki juda yosh bo‘lgan.

Ko‘semning tarixiy ildizlari

Ko‘semning kelib chiqishi haqidagi aniq ma’lumotlar u qadar ko‘p emas. Uning grekligi va ismining Anastasiya bo‘lgani ham aniq isbotlanmagan. Faqat bir narsaga shubha yo‘q, Ko‘sem nasroniy bo‘lgan, islomni haramda qabul qilgan. Serial mualliflari uning yangi ismi – Mohpaykardan foydalanmay, Anastasiya deb atashgan, uning tarixda eng mashhur ismi Ko‘sem esa laqabga yaqin sanaladi. 

Hokimiyatga yo‘l

Ko‘sem sulton podshohning sevimli ayoli bo‘lgan, ammo uning hukmronligi aynan sultonning vafotidan so‘ng kuchayadi. Ma’lumki, sulton uni sevgan, ammo davlat ishlariga aralashishiga ko‘p ham yo‘l qo‘ymagan. Bundan tashqari, Ko‘sem hukmdorning na birinchi, na yagona mahbubasi bo‘lgan. Saltanatda u Ahmadning sevgisidan ko‘ra asosan bolalari hisobiga nufuzga erishgan. Xullas, serialda muhabbatga tarixda bo‘lgandan ko‘ra ko‘proq ahamiyat beriladi. Qolaversa, yosh bo‘lishiga qaramay Ahmad qattiqqo‘lroq bo‘lgan: mualliflar uni yumshoqroq ko‘rsatishga qaror qilishgan.

Ayollar ta’siri

Ayollarning sulton hokimiyatiga ta’siri naq bir asr (1550-yildan 1656-yilgacha) davom etgan. Bu davr tarixiga besh nafar sulton ayollari ismi bitilgan. Ularning har biri og‘ir kurashda o‘z o‘rnini himoya qiladi. Ammo ularning o‘zaro kurashi serialda ko‘rsatilganidek bo‘lmagan. Sulton Ahmadni ayollarning bunday ta’siri qoniqtirmagan, buvisi Sofiya sultonni taxtga o‘tirishi bilanoq hokimiyatdan chetlashtirgan. Ahmadning onasi Xandon aslida hech qachon u qadar katta nufuzga ega bo‘lmagan. Shuning uchun ayollar o‘rtasidagi fitna-yu hiylalarning hammasi ham aslida bo‘lganidek emas.

Ayollar hukmronligi Ko‘sem sulton davrida ayniqsa avjiga chiqadi. U ikki hukmdor sulton – Murod IV va Ibrohim I ning volidasi bo‘lgan. Ko‘sem sultonning hukmronligi «Muhtasham yuz yil. Ko‘sem imperiyasi» serialida juda yorqin tasvirlanadi. Nurgul Yeshilchay esa aktyorlik mahorati bilan tomoshabinlarni yana bir bor qoyil qoldirdi.

Sevdora

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring