Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kutubxonalar ish vaqti uzaytirilishi rejalashtirilyapti

Kutubxonalar ish vaqti uzaytirilishi rejalashtirilyapti

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Central Asia-2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» XIII-Xalqaro anjumani doirasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, hamkor davlat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etgan ushbu tadbirda respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi holati, mavjud muammolar, sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosi va xalqaro tajribalar haqida so‘z bordi. Tadbirda 24-26-aprel kunlari Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro anjumanning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Muloqot davomida qishloq aholisining barcha qatlamlarini kutubxona xizmati bilan qamrab olish, uzoq hududlarda istiqomat qiladigan aholi uchun ko‘chma kutubxonalar tashkil etish, hujjatlarni elektron yetkazib berish, axborot-kutubxona resurslaridan masofadan turib foydalanishni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Yakka va guruhli hamda ommaviy kitobxonlikni tizimli ravishda tashkil qilish, foydalanuvchilar o‘rtasida mutolaa madaniyatini oshirish mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, axborot-kutubxona muassasalari va mutaxassislarining imijini yaxshilash yuzasidan takliflar bildirildi. Har bir mahalla, har bir qishloq va tuman markazlarida kutubxonalar tashkillashtirish qaror loyihasi ishlab chiqilganiga alohida urg‘u berildi.

«Bu esa yana kitobxonlarning istagan payti kutubxonalarga borish va a’zo bo‘lish imkoniyatlarini kengaytiradi, — dedi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva. — Qolaversa, bunday maskanlarda  kutubxona ish vaqtini cho‘zish bo‘yicha murojaatlar ham o‘rganib chiqilmoqda.   100 yillik tarixga ega bo‘lgan «Turon» kutubxonamiz ham kechasi soat 22:00 gacha ishlagani haqida ma’lumotlar bor. Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarda 24 soat davomida ishlaydigan kutubxonalarda soat 00:00 dan keyin navbatchilar, mutaxassislar qoladi. Chunki ularning ishlari to‘liq elektron shaklga o‘tib bo‘lgan. Bizning kutubxonamiz avval Vazirlar Mahkamasiga qarashli edi, 2017-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga o‘tdi. Rahbariyat bilan birgalikda kutubxona ish vaqtini 23:00 ga qadar uzaytirish ko‘rib chiqilayapti. Kechki vaqt ishlaydigan xodimlarga amaldagi qonunchilik bo‘yicha ish haqi to‘lash masalasi o‘rganilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi soat 23:00 ga qadar ishlashi uchun fondni saqlash, xizmat ko‘rsatish kabi bo‘limlarda 36 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi talab etilar ekan. Bu masalalar ustida hozir ish olib borilmoqda. Mazkur tajriba samara bersa, boshqa kutubxonalarga ham tatbiq qilinadi».

«Xalqaro anjuman mohiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning to‘rtinchisiga, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish g‘oyasiga hamohangdir, — dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi rahbari V.Hamidov. — Fan, ta’lim, madaniyat, biznes sohalarida elektron axborot resurslarni qo‘llash va bunda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar hamda boshqa tashkilotlarning hamkorligini kengaytirish lozim. Shu nuqtai nazardan, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi».

Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Z.Berdiyeva 400 dan ziyod mutaxassis qatnashadigan ushbu xalqaro tadbirning tajriba almashish uchun katta maydon bo‘lishi, respublika miqyosida soha rivojiga amaliy ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etdi.

Matbuot anjumanida qatnashgan Qozog‘iston Milliy kutubxonasi Nodir kitoblar va qo‘lyozmalar xizmati rahbari Tolkin Zamzayeva kutubxonalarimiz, yurtimiz haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

AQShning Oregon shtati Portlend shahri kutubxona jamg‘armasi ijrochi direktori Merris Sumrall esa shunday dedi: «O‘qituvchi bolalarga bilim beradi, kutubxonachi esa kitobni sevishni, kitoblar orqali hayotga yuzlanishni o‘rgatadi. Keyingi o‘n besh yil ichida bizning kutubxonalar o‘quvchilar uchun eng sevimli, e’tiborga molik joyga aylandi. Bizda onlayn xizmati ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorligimiz har ikki tomonga ham juda ko‘p foyda keltirishiga ishonaman».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring