Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus Chingizxon o‘limining sababini aniqlashga yordam berdi

Koronavirus Chingizxon o‘limining sababini aniqlashga yordam berdi

Foto: «My-facts.ru»

Adelaida universiteti olimlari Chingizxon o‘limi sirini topganliklarini ma’lum qilishdi. Ular saqlanib qolgan bir necha tarixiy hujjatlar asosida qudratli qo‘mondonga tashxis qo‘yishdi, deya xabar berdi «International Journal of Infectious Diseases».

Chingizxon Mo‘g‘ullar imperiyasiga asos solib, uning birinchi hukmdoriga aylangan. 1227-yilda vafot etgan paytida u egallagan hudud Rim imperiyasidan 2,5 baravar kattaroq edi.

Chingizxonning yurishlari bilan bog‘liq tafsilotlar yetarlicha bayon etilgan. Biroq uning o‘limi sirligicha qolmoqda. Qo‘shini Xitoyning G‘arbiy Sya imperiyasiga qarshi yurish paytida kutilmaganda vafot etgani ma’lum xolos.

Ehtimol, Chingizxonning yaqinlariga hukmdorning o‘limi haqida gapirish taqiqlangandir. Natijada bu ko‘plab afsonalar to‘qilishiga sabab bo‘lgan. Rivoyatlardan biriga ko‘ra, yengilmas qo‘mondonni kanizaklaridan biri Tangut eli malikasi pichoqlab o‘ldirgan, boshqa manbalarga ko‘ra u zaharlangan o‘q tufayli olamdan o‘tgan.

Yangi tadqiqot mualliflari ushbu afsonalarning hech biri ishonchli dalillar bilan tasdiqlanmaganligini ta’kidlamoqdalar. Ular Chingizxonning o‘limi yuqumli kasallik bilan bog‘liq degan xulosaga kelishdi.

«Hozirgi COVID-19 pandemiyasi bizni qadimgi pandemiyalar haqida o‘ylashga undadi», — deydi tadqiqot muallifi Franchesko Galassi.

Tadqiqotchilar Xitoyning Min sulolasi davrida yozilgan tarixiy hujjat — «Yuan tarixi»ga e’tiborini qaratdilar. Unda aytilishicha, 1227-yil 18-25-avgust kunlari Chingizxonning G‘arbiy Syaga qarshi so‘nggi yurishi paytida u o‘zini yomon his qilgan. Xon isitmalab, sakkiz kundan keyin vafot etgan.

Avvalgi tadqiqotlar bu ich terlama ekanligini taxmin qilgan. Ammo Galassi va hamkasblarining ta’kidlashicha, kasallikning qorin og‘rig‘i va qayt qilish kabi boshqa o‘ziga xos alomatlari haqida hech nima deyilmagan.

Olimlar Chingizxon kasalligining klinik belgilarini aniqladilar, shuningdek, o‘sha paytda Mo‘g‘ullar imperiyasida keng tarqalgan kasalliklarga oid ma’lumotlarni tahlil qildilar. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, qo‘mondonning asosiy «qotili» qora o‘lat hisoblanadi.

Mualliflarning ta’kidlashicha, aniq javobni murda qoldiqlarini tahlil qilgandan keyingina olish mumkin, ammo buning iloji yo‘q — chunki Chingizxon dafn etilgan joy hali-hanuz noma’lumligicha qolmoqda. Shunga qaramay, ular ishlab chiqqan «klinik ssenariy boshqa o‘ylab topilgan gipotezalardan ko‘ra haqiqatga yaqin va tarixiy ko‘rib chiqishga munosib».

«Chingizxonning o‘limi kasalliklarning tarixiy jarayonlarga qanday ta’sir ko‘rsatganiga misol bo‘la oladi», — dedi tadqiqot hammuallifi Yelena Varotto.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring