Kinematografiya agentligi tomonidan mahallalarda milliy filmlar namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda

Kinematografiya agentligi tomonidan mahallalarda Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan milliy filmlar namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur namoyishlar «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» davlat dasturi doirasida yurtboshimiz tashabbusi bilan «Mahallada duv-duv gap», «Mahallamizda yangi O‘zbekistonning yangi kinofilmlari» shiori ostida tashkil etilib, yurtimizning barcha mahallalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
- Biz yurtimizning chekka mahallalarida, guzarlar, aholi yashash punktlarida milliy filmlarimizning namoyishlarini o‘tkazmoqdamiz. Muxlislar bu filmlarni iliq taassurotlar va katta qiziqishlar bilan kutib olmoqda. «Yangi O‘zbekiston»da kinematografiya sohasida «mahallabay» tizimining joriy etilganligi va amaldagi targ‘ibotlari yuksak darajada ketmoqda, deydi Kinematografiya agentligi Samarqand viloyati hududiy bo‘lim boshlig‘i Farmon Roziqov.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jahongir Qosimovning «Ibrat», Shohrux Rasulovning «Bir kunlik to‘y», Zilola Jo‘rayevaning «Afv», Jamilaxon Po‘latovaning «Ayol qalbi», Ilhom Muhammadibrohimovning «Maktab-hayotim», Rashid Malikovning «Tutqunlik» filmlari namoyish etildi.
Shuningdek, Kinematografiya agentligi hamda Milliy kinematografiyani rivojlantirish Markazi bilan hamkorlikda taniqli kinoijodkorlardan iborat Kinokarvon safarlari viloyatlar bo‘ylab uyushtirildi.
Kinokarvon safarida ko‘plab taniqli kinoijodkorlar bilan hududlarda ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, jonli muloqotlar tashkil etildi, iqtidorli yoshlar uchun kinorejissyorlar tomonidan kastinglar o‘tkazildi.
- Kinokarvon safarlari ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Ayniqsa, «mahallabay» aksiyasi doirasida filmlar namoyishlari, shu bilan birga «Kinoklub» ixtisoslashtirilgan avtotransportlari orqali chekka hududlarga ham filmlar yetkazib berilyapti. Muhimi, yurtdoshlarimiz ushbu tashabbuslardan judayam mamnun, deydi Milliy kinematografiyani rivojlantirish Markazidan vakil Barno O‘ngboyeva.
Dastur doirasida mahallalarda filmlar namoyishlari hali davom etadi. Shuningdek, Agentlik tomonidan oldinda o‘tkazishi rejalashtirilayotgan Dilmurod Masaidovning «Ayol qismati», Ibrohim Rasulovning «Muhabbat bahori», Yolqin To‘ychiyevning «Evrilish» kabi filmlarning katta premeralaridan so‘ng, «mahallabay» tizimida milliy namoyishlari ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter