Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kann kinofestivalida xorij kino ijodkorlariga O‘zbekistonda film suratga olish taklif qilinadi

Kann kinofestivalida xorij kino ijodkorlariga O‘zbekistonda film suratga olish taklif qilinadi

Foto: «Stmegi»

Joriy yilning 8-19-may kunlari Fransiyada bo‘lib o‘tadigan 71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk bor «Uzbekistan» paviloni tashkil etildi, deb xabar berdi «Xalq so‘zi online».

Bu haqda nashrga kinoshunos Shohira Raufboyeva Fransiyadan ma’lum qilgan.

Nufuzli Kann festivalida ilk bor tashkil etilgan «O‘zbekiston» pavilonida festival ishtirokchilari va mehmonlariga yurtimizning yuksak turistik salohiyati, film suratga olish uchun boy imkoniyatlar namoyish etiladi. Bu xorijlik kinokompaniyalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eng asosiysi, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «PROlogue — 2018» xalqaro festivaliga dunyoning turli burchagidan mutaxassis va yosh kinoijodkorlarni jalb etish imkonini beradi.

— «O‘zbekiston» pavilonida taqdim etiladigan tarixiy-me’moriy obidalarimiz, yurtimiz tabiatini aks ettiruvchi kino jurnallar va boshqa tarqatma materiallar xorijlik kinosanoati vakillarini e’tiborsiz qoldirmaydi, — deydi «O‘zbekkino» milliy agentligi Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi Oybek Abdushukurov. — Bundan tashqari yaponiyalik kinoijodkorlar hamkorligida Toshkent va Jizzaxda suratga olingan «Dragonhead», Eron va Rossiya kinoijodkorlarining Buxoroda tasvirga tushirgan «Omar Khayyam», shuningdek, rossiyalik ijodkorlar tomonidan Xorazmda suratga olingan ko‘plab kinokartinalar haqida ham ma’lumotlar beriladi. Bularning barchasi, shubhasiz, yurtimizning nafaqat kino san’ati va sanoati, balki turistik salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring