«Girdob» romani dunyoga kelishida onamizning ham ishtiroki bor edi — adibning qizi

O‘ktam Usmonov 1938 yili Toshkent viloyatining Qibray tumani Baytqo‘rg‘on qishlog‘ida bog‘bon oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng Toshkent pedagogika institutiga kirib o‘qidi. Uni muvaffaqiyatli tugatgach, avval respublika gazetalarida xizmat qildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib hamda «O‘zbekiston ovozi» gazetasida bosh muharrir vazifalarida ish olib bordi. Adibning birinchi hikoyalar to‘plami 1964 yilda «Guldasta» nomi bilan chop etildi. Shundan so‘ng 1965 yilda «Bahs boylashgan bola», 1970 yilda esa «Bahor chaqmoqlari» nomli hikoyalari va ilk qissasi nashr etiladi. So‘ngra adibning «Notinch kecha» (1976), «Sirli sohil» (1981) kabi hikoyalar to‘plami o‘quvchiga taqdim etiladi. Hikoyalarida adibning inson va insoniylik haqidagi mushohadalari rang-barang obrazlar, hayotiy detallarda umumlashtiriladi.
O‘ktam Usmonov ijodida «Girdob» (1979) romani alohida o‘rin tutadi. Unda adolat bilan nohaqlik, sadoqat bilan xiyonat o‘rtasidagi kurash mahorat bilan tasvirlangan. Mazkur roman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adib 1990 yil 3 yanvarda vafot etgan.
Abidning qizi, tarjimon Zuhro Usmonova shunday xotirlaydi:
«Maktabda o‘qigan kezlarimizda kundalik daftarni tekshirish ham, ota-onalar majlisiga borish ham, uy yumushlarida onamizga yordam berishimizni nazorat qilish ham dadamning nazaridan chetda qolmasdi.
Tabiatga, atrof-muhitga mehr bilan munosabatda bo‘lishni ham bolaligimizdan o‘rgatgan. Har bahor, yoz albatta tog‘u-dashtlarga, daryo bo‘ylariga sayr uyushtirardi. Yaxshi dam mehnatga hamdam degan maqolga rioya qilar edi.
Eng muhim jihatlaridan yana birini aytib o‘tishni lozim deb o‘ylayman. Yoshligimdan ko‘z o‘ngimda dadam qo‘llarida kitob bilan namoyon bo‘ladi. Ya’ni, hech qachon biron bir yangilik, fikrni o‘rganishdan, izlanishdan charchamas edi. Doim kitobni mutolaa qilardi. Qandaydir qiziqarli, yangicha fikr-mulohazani o‘qib qolsalar, albatta, biz bilan o‘rtoqlashib, yon daftarlariga yozib olardi. Buni bir misolda ham eslayman. Men Toshkent Davlat universitetining rus filologiyasi fakultetida o‘qiyotgan kezlarimda, o‘quv dasturi bo‘yicha rus mumtoz yozuvchilari va shoirlarining asarlarini, ular haqidagi ilmiy maqolalarni o‘qish shart edi. Ularning birida Lev Tolstoy haqida bir qiziqarli dalilni o‘qib, dadamga aytib berganimda, «qara, men bu haqda bilmagan ekanman, juda qiziq», deb kundalik daftarlariga qayd qilib qo‘ygan edilar.
Oilamizda doimo ijodiy muhit hukm surgan, desam ham bo‘ladi. Aksariyat kitobxonlarga tanish bo‘lgan hikoyalar, qissa va aynan «Girdob» romanining dunyoga kelish jarayonlarida onamizning ham, katta opamning ham muayyan bir ishtiroki bor edi. Bugungi zamonaviy kompyuterlardan oldin eng ilg‘or hisoblangan yozuv mashinkalaridan chiqqan qoralamalardagi tasvirlar, qahramonlarning o‘y-tashvishlari, hissiyotlari ilk bor turmush o‘rtoqlari, hamkasblari, filolog va tarjimon, onajonimiz Sharifa Abdurazzoqova e’tiboriga havola etilardi...»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter