Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fir’avnlarning oltin paradi: Qadimgi Misr mumiyolari yangi muzeyga ko‘chirildi (video)

Fir’avnlarning oltin paradi: Qadimgi Misr mumiyolari yangi muzeyga ko‘chirildi (video)

Foto: «The-sun.com»

Misrda mumiyolarni ko‘chirishning dabdabali marosimi bo‘lib o‘tdi. 22 sarkofag Qohiradagi yangi muzeyga ko‘chirildi.

Paradda go‘yoki mumiyolar emas, balki tirik Misr fir’avnlari ishtirok etayotgandek tasavvur uyg‘otdi. Qadimgi Misr hukmdorlari jasadlari solingan sarkofaglar shohona izzat-ikrom bilan ko‘chirildi.

Ushbu marosim — vaqt mashinasining o‘zginasi. Mumiyolar ketayotgan oltin avtomobillar qadimiy qayiqlarga o‘xshaydi. Ularning har biriga fir’avn yoki malikaning ismi bitilgan.

Sarkofaglarni ot-aravalar kuzatib borishdi. Mumiyolar solingan mashinalarni ruhoniylar kutib olishdi. Ularning ortidan qadimiy tillarda kuylayotgan xonandalar, ko‘plab kino yulduzlari va taniqli shaxslar — qadimgi Misr harbiylari saf tortishdi. Hammasi hozirgi zamon bilan uyg‘unlashib ketdi. Fir’avnlar sharafiga zambaraklardan o‘t ochildi.

Parad ishtirokchilari — Misr sulolalarining eng muvaffaqiyatli fir’avnlari va malikalari. 22 ta mumiyo. Yoshi uch ming yildan ortiq. Ramzes II, Seti I, Tutmos III.

Seti Misrning qirol Exnaton tomonidan boy berilgan Osiyo mulklarini birinchi bo‘lib qaytarib oldi. U qo‘shnilar bilan jang qildi, olis o‘lkalarga ham yurish qildi. Uning o‘g‘li Ramzes II Misrda yangi qirollikning eng mashhur fir’avnlaridan biridir. U 67 yil hukmronlik qilgan. Shuningdek, tarixda birinchi bo‘lib tinchlik shartnomasini imzolagani bilan tanilgan. Qirolicha Xatshepsut garchi o‘sha paytdagi urf-odatlarga ko‘ra ayollar fir’avn bo‘lishmagan bo‘lsa-da, Qadimgi Misr hukmdoriga aylangan.

Qadimgi hukmdorlarning mumlangan jasadlari Taxrirdagi dunyoga mashhur Misr muzeyidan olib ketildi. Endi ular Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyida saqlanadi. Yo‘l qisqa — besh kilometr. Ammo u Nil daryosi bo‘ylab o‘tadi.

«Yangi muzeydagi sharoit ancha yaxshi. Chinakamiga shohona. Tasavvur qiling, hozir fir’avnlarni Misrning zamonaviy ko‘chalari bo‘ylab olib ketishmoqda. Qachonlardir ularning o‘zlari bu tuproqda yurishgan. Bu, chindan ham, hayajonli lahzalar», — deydi misrshunos Salima Ikrom.

Mumiyolar maxsus futlyarlar — kislorodsiz azotli kapsulalarda tashildi. Ular jasadlarni namlik, bakteriya va hasharotlardan himoya qiladi. Marshrut bo‘ylab butun asfalt yo‘l tekislab chiqildi: chunki silkinishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Ammo kapsulalar har ehtimolga qarshi matolarga o‘rab qo‘yildi.

Qadimgi Misr hukmdorlarini amaldagi prezident Abdulfattoh as-Sisi kutib oldi. Ushbu paradga shaxsan qiziqish bildirgandi. Mamlakat rahbari mumiyolarning oltin korteji Misrga bo‘lgan qiziqishni oshirishga va sayyohlarni jalb qilishga yordam berishiga ishonchi komil.

«Ushbu voqea misrliklarda iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Biz buyuk o‘tmishimiz bilan bog‘liqmiz. Odamlar ushbu fir’avnlar tarixiy, shu bilan birga, iqtisodiy nuqtai nazardan nihoyatda muhim ekanligini tushunishlari kerak — mumiyolarni ko‘rish uchun butun dunyodan sayyohlar kelishadi», — dedi misrshunos Zaxi Xavass.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring