Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Endi kutubxonamiz bor»

«Endi kutubxonamiz bor»

Foto: «Xabar.uz»

Xalqaro press-klub rahbari bundan olti oy oldin Varganza qishlog‘iga borib, qishloq ahli bilan suhbatlashganida ular Sherzod Qudratxo‘jayevga «Qishlog‘imizda kutubxona yo‘q, bitta kutubxona qurilishiga yordam bering» deyishgan edi.

Foto: «Xabar.uz»

XPK rahbari bu iltimosni tuman va viloyat rahbarlariga yetkazdi. Kutubxona uchun joy ajratildi. Shu qishloqlik tadbirkorga kutubxona qurishi uchun yordam berildi. Qisqa vaqt mobaynida ikki qavatli kutubxona qurildi. Qishloq yoshlarining xursandchiligi egiz bo‘ldi: kutubxona ichida tezkor internet zali ham barpo qilindi.

Amir Temur tavalludining 682 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyat hokimligi va XPK homiyligida Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘ida tashkil etilgan ana shu xalq kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqan Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, XPK raisi Sherzod Qudratxo‘jayev mazkur kutubxona yosh avlodning kamol topishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Foto: «Xabar.uz»

XPK tashabbusi bilan bu kutubxona uchun kitob yig‘ish aksiyasi tashkil etilgandi. Xayrli tashabbus natijasida o‘zbek, rus, ingliz va tojik tillaridagi 2 mingdan ziyod kitob yig‘ilgan ekan. Marosimda ana shu kitoblar egalariga – Varganza qishlog‘i yoshlariga, ularning xalq kutubxonasiga topshirildi.

Bundan ilhomlangan viloyat hokimi kutubxonaga yana 5 ming kitob hadya qilishga va’da berib yubordi.

− Varganza qishlog‘imiz tog‘li hududda joylashgan, shu sababli bu yerda internetdan foydalanish qiyin edi, − dedi yoshlardan biri. – Kutubxonada tezkor internet ham ishga tushishi bizlarga juda yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Endi kutubxonada o‘tirib, o‘zimizga kerakli axborotlarni olamiz.  

Non-tuz bilan kutib olingan mehmonlar va qishloq yoshlari kutubxonaga kirishdi va birpasda yoshlar o‘zlariga yoqqan kitoblarni varaqlashga tushib ketishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Men esa shu kutubxonani qurib bergan tadbirkor Ne’matxon Muxtorovni suhbatga tortdim.

− Nega pul topgan odam do‘kon, to‘yxona yo biror daromad keltiradigan korxona ochadigan zamonda umuman daromad keltirmaydigan ishga qo‘l urib, kutubxona qurdingiz?

− Bilasizmi, inson uchun ozuqa, boylik ikki xil bo‘ladi, biri moddiy ozuqa bo‘lsa, ikkinchisi ma’naviy ozuqa. Men xalqimga ma’naviy ozuqa bo‘lsin, ilm yoshlarimizning qalbiga kirsin deb kutubxona qurdim. Moddiy boyliklar bir kuni yo‘q bo‘lib ketadi, ammo ma’naviy boylik yo‘q bo‘lmaydi. Men kutubxonani daromad topish uchun qurmadim, Allohning yo‘lida qurdim. Farzandlarimiz shu yerdan qalblariga nur, ziyo olsalar, ilmli bo‘lsalar, savobi menga yetadi.

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri.

Qashqadaryo viloyati Varganza qishlog‘i.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring