«Bu zotni o‘zbek xalqi ham e’zozlaydi» – Bokuda jahon adabiyotining ulug‘ namoyandasiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman tashkil etildi
Ozarbayjonning Boku shahrida buyuk alloma Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi.
«Nizomiy Ganjaviy: madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik» deb atalgan ilmiy-ma’rifiy tadbirning ochilishi marosimida Ozarbayjon bosh vaziri o‘rinbosari Ali Ahmadov, madaniyat vaziri Anor Karimov, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ishtirok etdi.
Anjumanda 15 mamlakatdan kelgan olimlar va arboblar qatnashdi.
Foto: Ozarbayjon madaniyat vazirligi
Prezident Ilhom Aliyevning 2021-yil 5-yanvardagi qarori bilan joriy yil Ozarbayjonda «Nizomiy Ganjaviy yili» deb e’lon qilingan. Ozarboyjon madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro anjuman ham shu doiradagi tadbirlar sirasiga kiradi.
Forumda so‘zga chiqqan mezbon mamlakat madaniyat vaziri Anor Karimov buyuk shoir va mutafakkir Nizomiy Ganjaviy jahon adabiyotida chuqur iz qoldirgan daholardan biri ekanini ta’kidladi. XII asrda ko‘hna Ganjada tug‘ilgan shoir umrining oxirigacha ushbu shaharda yashab, jahon madaniyati xazinasiga noyob adabiy durdonalarni tuhfa qildi. Nizomiy yaratgan nazm javohirlari zamon va makon chegaralaridan oshib, hozirga qadar mutolaa qilib kelinmoqda.
Vazir A.Karimov Nizomiy Ozarbayjon xalqining ulug‘ farzandi bo‘lib qolmay, dunyo bo‘ylab madaniyatlarni bog‘lovchi ko‘prik ekani, uning ijodiy merosi esa butun insoniyat ma’naviy mulki ekanini ta’kidladi.
M.N.Ersoy va O.Nazarbekov. Ilmiy mashvarat ikki turkiy davlat vaziri
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ilmiy anjuman ochilishida nutq so‘zlab, turkiy dunyoning ikki buyuk adabiyot siymosi – Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy asarlaridagi robitalar xususida so‘zladi. Qayd etilishicha, har ikki ijodkor asarlarida umuminsoniy qadriyatlar – mehr-muhabbat, ma’rifat va adolatni tarannum etgan. O.Nazarbekov Ozarbayjon davlat axborot agentligiga bergan intervyusida ham o‘zbek xalqining Nizomiyga ehtiromi yuksak ekanini urg‘ulagan.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy esa o‘z chiqishida barcha turk xalqlar Nizomiy kabi daho ijodkor bilan faxrlanishga haqli ekanini bildirdi.
«Biz ajdodlarimiz merosini muhofaza etishga mas’ulmiz. Aks holda, bizni yaxlit vujud kabi birlashtirib turgan ushbu betakror siymolar yo unutiladi, yo begonalashadi. Biz ming yillik merosimizni saqlash yo‘lida ham birlashmog‘imiz kerak», – dedi M.N.Ersoy.
15 mamlakatdan kelgan olimlar, fan arboblari hamda ekspertlar, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etayotgan forumda qo‘shma bayonot qabul qilindi.
«Insoniyat daholaridan sanalgan Nizomiy Ganjaviyning o‘lmas g‘oyalari va mushohadalari Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi Sharqning peshqadam shoir va mutafakkirlarini ilhomlantirib qolmay, mintaqada adabiy-poetik an’analar shakllanishi, falsafa, ijtimoiy-madaniy va siyosiy hayot taraqqiy etishiga hissa qo‘shgan», – deyiladi qo‘shma bayonotda.
Ozarbayjon madaniyat vaziri A.Karimov Nizomiyning Sharqu G‘arb adabiyotiga ta’siridan bahs etdi. Foto: «Trend» axborot agentligi
Ilmiy anjuman davomida davra suhbatlari, shuningdek, mutafakkir asarlari taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) tavalludining 880 yilligi O‘zbekistonda Alisher Navoiyning tavalludining 580 yilligi, Turkiyada Yunus Emro vafotining 700 yilligi nishonlanayotgan sanaga to‘g‘ri kelgani ramziy ma’noga ega. Bu turkiy xalqlarning azaliy do‘stona robitalari va qardoshligining yana bir timsoli bo‘lsa ajab emas.
Nizomiy Ganjaviy (taxallusi; asl ism-sharifi Abumuhammad Ilyos ibn Yusuf ibn Zakiy Muayyad) – shoir, mutafakkir va ma’rifatparvar. Manbalarga ko‘ra, u Qur’onni yod olgan, fiqh, tarix, geografiya, falsafa va mantiq bo‘yicha ustod darajasiga yetishgan. Tabiiy fanlar, xususan, tabobat, ilmi nujum va matematikani ham puxta o‘zlashtirgan.
Sharq mumtoz adabiyotining turli janrlarida barakali ijod qilgan shoirdan 20 ming baytdan iborat she’riy devon meros qolgan. «Mahzan ul-asror», «Xusrav va Shirin», «Layli va Majnun», «Haft paykar», «Iskandarnoma» kabi besh dostondan iborat «Xamsa» asari shoir ijodining cho‘qqisi sanaladi. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da Ganjaviyni shayxlar qatorida zikr etgan. XIV asr o‘rtalarida Qutb Xorazmiy «Xusrav va Shirin» dostonini turkiy tilga o‘girgan. XIX asrda esa Ogahiy «Haft paykar»ni nasriy tarjima qilgan. Nizomiy Ganjaviy muhtasham adabiy merosi bilan turkiy dunyoning bir necha avlod qalamkashlari ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter