Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bondarchuk: yulduzlik va umr shomidagi g‘alvalar

Bondarchuk: yulduzlik va umr shomidagi g‘alvalar

Uning faoliyatini ko‘plab kinochilar uchun ibrat namunasi deyish mumkin. Sergey Bondarchuk yaratgan filmlar, bir-biridan chiroyli rollar uzoq vaqtgacha hozirgacha tildan tushmaydi. U ijodga o‘zgacha yondashgani uchun ham hamisha e’tiborda bo‘ldi, nufuzli mukofotlarga munosib topildi. «Ot izidan toy bosar», deganlaridek, bugun uning ishini o‘g‘li Fyodor davom ettirmoqda. U ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Fyodor Bondarchuk kassabop filmlar ishlab, kinematografiyadagi mavqeini mustahkamlamoqda. Quyida uning otasi – afsonaviy Sergey Bondarchuk haqida hikoya qilamiz.

 Lo‘ttiboz... maynavoz...

Sergey Fyodorovich Bondarchuk 1920-yil 25-sentyabrda Odessa viloyatining Belozerka qishlog‘ida tavallud topgan. U maktabni tugatgan paytdayoq o‘zini namoyon eta oldi. Qat’iy qoidalarga rioya qiluvchi otasi Fyodor Petrovich o‘g‘liga muhandislik bo‘yicha o‘qishni maslahat berdi. Sergey esa allaqachon artist bo‘lishga qaror qilgan ekan – shu haqda aytdi.

Otasining jahli chiqib ketdi. Kolxoz raisining o‘g‘li, zaporoj kazaklari avlodi «lo‘ttiboz» bo‘larkanmi? Hech qachon!

Biroq o‘g‘il muhandislikni ming martalab rad etavergach, nihoyat ota taslim bo‘ldi. U Sergeyni yo‘lga kuzatar ekan, qat’iy tayinladi: «Faqat unutma, sen maynavoz emas, aktyor bo‘l!..» O‘g‘il va’da berdi…

1937-yili maktabni tugatgan o‘n yetti yoshli Bondarchuk Rostov teatri studiyasiga o‘qishga kirdi, ammo uni tugatolmadi: urush boshlandi. 1941–1942-yillarda u Grozniy shahridagi armiya teatrida faoliyat ko‘rsatdi. 1946-yili harbiy xizmatdan bo‘shagach esa, o‘qishni Moskvada davom ettirdi. Oradan ikki yil o‘tib, u VGIKning aktyorlik fakultetini tamomladi.

Bondarchuk ilk yulduzlik faoliyatini kechalari kinostudiya direktorining stolida yotishdan boshlagan. Chekka joydan kelgan yigitchaning Moskvada yashashi uchun boshpanasi yo‘q edi. Bondarchukning VGIKdagi ustozi Sergey Gerasimov bo‘lib, diplom ishi bu rejissyorning «Navqironlar» (1948) filmidagi Valko roli edi.

«Navqironlar»ni suratga olish chog‘ida Sergey Bondarchuk boshlovchi aktrisa Inna Makarovaga uylandi. Ular birgalikda o‘n yil yashashdi. 1950-yilda qizlari Natasha tug‘ildi (u kelgusida aktrisa hamda rejissyor bo‘lib yetishdi).

O‘sha paytlarda Bondarchuk hamisha kuchli o‘ntalikdan joy olardi. 1952 yilda u «Taras Shevchenko» filmida rol o‘ynab, xalqaro festivalda nufuzli mukofotni qo‘lga kiritdi. Shu tarzda yosh Sergey rahbariyatning e’tiborini qozondi. Buni shundan bilish mumkinki, unga ertasigayoq xalq artisti unvonini berdilar. Bondarchuk «oraliq»dagi mukofotlarsiz eng yosh xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

 Muhabbat kurtaklari

Uning keyingi omadi «O‘ynoqi» filmidagi doktor Dimov hisoblanadi (1955, A.Chexov asari asosida, rejissyor S.Samsonov). Filmda aktyorning lirik qirralari namoyon bo‘ldi.

O‘sha yili Sergey Bondarchuk bo‘lajak aktrisa Irina Skobseva bilan tanishdi. Irina MXAT maktab-studiyasining talabasi edi. Tanishuv taniqli rassom Vasiliy Yefanovning ko‘rgazmasida yuz berdi. Bu musavvir Skobsevaning siymosini chizgan, keyin uni ko‘rgazmaga taklif qilgan edi. Zalga kirgan Irina o‘zining portreti qarshisida Sergey Fyodorovich Bondarchuk turganiga ko‘zi tushdi. Bondarchuk o‘girildi va unga nigohi qadaldi. Irina go‘yo portret ichidan chiqib kelgandek edi...

1956-yilda Sergey Bondarchuk rejissyor S.Yutkevichning «Otello» filmida bosh rolni ijro etdi. Fojiaviy rolni romantik tarzda ijro etgan ushbu roli nafaqat vatanida, balki xorijda ham uni shon-shuhrat va e’tiroflarga ko‘mib yubordi. Aktyor tobora cho‘qqi sari odimlar edi.

Oradan uch yil o‘tib, Sergey Bondarchuk va Irina Skobseva turmush qurdilar va 35 yil birga yashadilar.

Ularning farzandlari oilaviy an’anani davom ettirishdi. Alena Bondarchuk (1962 yilda tug‘ilgan) MXAT maktab-studiyasini tamomlab, aktrisa bo‘lib yetishdi. Avval Pushkin nomli teatrda, so‘ng Mossovet teatrida ishladi. VGIK bitiruvchisi Fyodor Bondarchuk (1964 y. t.) – taniqli kinorejissyor va aktyor.

 23 tonna portlatkich va «Oskar»

Bondarchukning omadi uning tezda o‘z mavzusini topganida edi. U kino ustasi deb tan olingach, ishonch bilan epik janrga murojaat qildi. Bondarchukni ikkinchi jahon urushi chuqur iztirobga solgan edi. U o‘z hayotini oddiy jangchi timsolida vatan himoyachisidek qahramonni yaratishga bag‘ishladi. Butun boshli xalq taqdiri va alohida bir inson qismati bab-baravar ravishda uning filmlarida o‘z aksini topdi.

Sergey Bondarchuk katta salohiyatga ega ijodiy musavvir bo‘lgan. U aktyorlik kasbi bilan chekinib qolishni istamasdi. Rejissyorlik debyuti – «Inson taqdiri» (1959-y.) Bondarchukning yana bir yuksak iqtidorini namoyon etdi. Filmda urushda jang qilgan, asir tushgan, o‘z oilasidan judo bo‘lgan, ammo o‘zligini va insoniylik haroratini yo‘qotmagan odam gavdalandi. «Inson taqdiri»da Bondarchukning o‘zi bosh rolni ijro etdi (keyinchalik ham bu ko‘p marta o‘z filmlarida takrorlangan). Bu bilan u inson taqdiri, fe’l-atvori, qalbi badiiyat asosini tashkil etajak aktyorlik kinematografiyasiga sodiqlikni namoyon etdi. Mazkur debyut Bondarchukka davlat mukofoti hamda Moskva xalqaro festivalining sovrinini tuhfa qildi.

1965-1967-yillarda Bondarchuk o‘zining bosh filmi hisoblanmish «Urush va tinchlik»ni suratga oldi. U Lev Tolstoy romanidan salkam hech nimani qoldirmay, ekranga ko‘chirdi. Filmda mashhur aktyorlar jamlangan edi: Tixonov, Lanova, Yefremov, Ktorov, Vertinskaya, Strjelchik, Tabakov... Bondarchukning xotini Irina Skobseva Elen Bezuxovani ijro etdi. Perni Bondarchukning o‘zi o‘ynaganini hisobga olsak, bu maroqli edi.

Film romandagi tinchlik va urush davri lavhalarini aniq-tiniq ifoda etdi. Eng asosiysi Borodino jangi edi.

Oradan yillar o‘tib, Bondarchuk sokin film yaratish haqida ovoz chiqarib orzu qila boshladi: «Ikki qahramon xonada o‘tirib, nimadarnidir gaplashmoqda». Ushbu mulohazani eshitgan Nikita Mixalkov qo‘shimcha qildi: «Derazadan esa tank diviziyasi o‘tib ketmoqda!»

Bondarchuk urush manzaralarini juda ulkan ko‘lamdagi filmda aks ettirdi. Ommaviy sahnalarda ikkita yirik armiyani aks ettiruvchi 15 ming odam ishtirok etdi. Ularning har birida tarixiy, ko‘hna liboslar, qurol bor edi. Smolenskiydagi eski yo‘lda maxsus qishloq va qal’a qurildi. «Urush»ning o‘ziga esa 23 tonna portlatkich va 40 ming litr kerosin ishlatildi. Shuncha sarf-xarajat o‘zini ortig‘i bilan oqladi. «Urush va tinchlik» 1967 yili Sergey Bondarchukka Amerika kinoakademiyasining «Oskar» mukofotini olib keldi.

Filmning xorijdagi muvaffaqiyatli prokatidan so‘ng Bondarchuk italiyalik prodyuser Dino De Laurentisdan «Vaterloo» (1970) filmini suratga olish haqida taklif oldi. Rejissyor ishga kirishdi. Ommaviy jang sahnalari, qirg‘inbarot lavhalar inson ruhiyati, tabiati fonida ochib berildi.

Kinoaktyorlik faoliyatini davom ettirgan Bondarchuk keng ko‘lamlilik va ijrodagi asl an’anani namoyish etdi. Uning ko‘zga ko‘rinarli rollari «Vanya amaki»dagi Astrov (1971, rejissyor A.Mixalkov-Konchalovskiy), «Maqsad tanlash»dagi akademik Kurchatov (1975, rejissyor I.Talankin) va boshqalar bo‘ldi.

 «U bilan ishlab bo‘lmaydi»

1971 yildan e’tiboran Bondarchuk VGIKdagi aktyor-rejissyorlik bo‘limini boshqara boshladi (1974 yilda professor bo‘ldi). 1975 yilda esa u «Ular vatan uchun jang qildilar» filmini suratga oldi. Mazkur kinoasar urush haqidagi eng o‘tkir va ochiq-oshkora kartina edi. Filmdagi askarlarni mashhur rus kinoaktyorlari – Bondarchukning o‘zi, Burkov, Tixonov, Nikulinlar ijro etishdi. Unda o‘zining eng oxirgi rolini o‘ynab, hatto ovoz berishga ulgurmagan Vasiliy Shukshin ham bor edi.

Bondarchuk kinematografiyada haligacha urf bo‘lmagan rus qo‘shinlarining ortga chekinishini ochib bera olgandi. Kartina, shuningdek, olovli xandaqlarda aziyat chekkan askarlarning holatini namoyon etgani, ommaviy jang sahnalarini yoritgani bilan ham o‘ziga xos.

«Ular vatan uchun jang qildilar» aka-uka Vasilevlar nomidagi davlat mukofoti hamda xalqaro kinofestivalning maxsus sovriniga sazovor bo‘ldi.

«Dasht» filmida (1978, A.Chexov qissasi asosida) Bondarchuk o‘zining azaliy orzusini ro‘yobga chiqardi – u sevimli asarini ekranga ko‘chirdi. Shundan so‘ng amerikalik yozuvchi Jon Ridning «G‘alayonli Meksika» va «Dunyoni junbishga solgan 10 kun» nomli ikki kitobini ekranlashtirmoqchi bo‘ldi. Shu tariqa «Alvon qo‘ng‘iroqlar» tarixiy voqealarga boy film-dilogiyasi dunyoga keldi. Ushbu film ham davlat mukofoti hamda xalqaro kinofestivalning maxsus sovrini bilan taqdirlandi.

Bondarchuk endi Pushkinning fojiaviy asari bo‘lmish «Boris Godunov»ni ekranga ko‘chirishga kirishdi (A.Pushkin dramasi asosida, Chexoslovakiya, G‘arbiy Berlin va Polsha bilan hamkorlikda). Film voqealari XVII asrdagi g‘alayonlarni o‘z ichiga olgan edi. Bondarchukning o‘zi shoh Borisni ijro etdi. Rejissyor kim bilan ish boshlamasin, guruhda oxirigacha qolmadi – deyarli ko‘pchilik uning og‘ir fe’lini ko‘tara olmagan edi.

«Boris Godunov» 1985-yilning aprel oyida ekranlarga chiqdi.

 

Million-million gonorar

– Bondarchuk o‘z mehnati va iqtidoriga ko‘ra katta gonorar olardi, – degan edi rejissyor Konstantin Bromberg. – «Urush va tinchlik»dan so‘ng unga takliflar yog‘ilib ketdi. «Vaterloo»ni suratga olgach esa, italiyalik prodyuserdan ssenariynavis va rejissyor sifatida mukofot oldi. Filmda million-million gonorar oladigan jahon miqyosidagi aktyorlar ishtirok etgani bois bu juda katta pul edi. Rejissyor esa hamisha aktyorlardan ko‘p haq olishi kerak... Ehtimol, Bondarchuk «Urush va tinchlik» uchun katta mukofot olgandir. O‘sha zamonda mamlakatda mualliflik huquqi qo‘llanmas, xorijda esa bunga juda qat’iy rioya qilinardi. Masalan, mening filmim Amerikada namoyish etilganida prokatchilar muallif sifatida qo‘limga ichiga valyuta solingan qalingina konvert tutqazishdi. Biroq shu zahotiyoq maxsus xizmat xodimlari menga bu pullarni davlatga topshirishimni talab qilishdi. Muammolar kelib chiqmasligi uchun ularning aytganini qilishga majbur bo‘ldim. Bondarchuk esa hech nimadan qo‘rqmasdi. U o‘zi ishlab topgan valyutani uyiga olib kelmas, ularni xorij banklariga qoldirar, sababi, Bondarchuk a’lo darajadagi menejer edi. Darvoqe, o‘sha yillarda «Oskar» uchun bir necha yuz ming dollar berishgan. Undan nimani talab qilishganini bilmayman, biroq bu haqda gapirishgani aniq edi.

– Bondarchuk multimillionerga aylangan edi, – deb hisoblaydi kontrrazvedkachi Igor Atamanenko. – Qolaversa, qonuniy tarzda. Ha, u o‘z mehnati va iste’dodi tufayli badavlat bo‘ldi. Mukofotlarning o‘zi haybatli edi. «Taras Shevchenko» uchun 100 ming rubl, «Inson taqdiri» filmi uchun 100 ming rublga teng davlat mukofoti... «Urush va tinchlik» evaziga «Oskar» va davlat mukofoti (taxminan 50 ming rubl). Moskva markazida Bondarchukning ajoyib uyi, Qrim va Moskva viloyatida dala-hovlilari bor edi. Bondarchuk mamlakatda birinchilardan bo‘lib «Mersedes» xarid qilgan. O‘ylaymanki, u G‘arbdagi o‘zining darajasiga monand rejissyorlar kabi pul ishlar edi.

 Tushunmovchilik va…

Ammo ulkan asarlar ustida ishlash Sergey Bondarchukning umri adog‘ida unga shum hazilni tahfa etdi. Bondarchuk rus prodyuserlik kinematografiyasidagi birinchi qurbonga aylandi.

Gap shundaki, 1990-yillarning boshida Bondarchuk Italiya firmalaridan biri bilan rus-italyan loyihasi bo‘lgan «Tinch Don»ni ekranlashtirish borasida shartnoma tuzgan. 1993-yilda rejissyor barcha lavhalarni suratga olib bo‘lib, montajga o‘tirdi.

Ana shundan so‘ng prodyuser bilan 19 oylik muzokaralar boshlandi. Bondarchuk filmni yakunlash uchun pul so‘radi, italiyaliklar esa uning ortidan rus rejissyorining deyarli tayyor kartinasi haqida allaqachon butun dunyo bilan kelishuv olib borishardi.

1994 yil oktyabrda esankirab qolgan Bondarchuk tushunmovchiliklarga chek qo‘yish uchun matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirdi, ammo ulgurolmadi. O‘sha yilning 20 oktyabrida u Moskvada hayotdan ko‘z yumdi. Bondarchukning yana bir betakror kinoasari o‘zi tomonidan oxirigacha yaratilmay qolib ketdi.

Mazkur filmning ikki talqini mavjud – televizion va umumekranga mo‘ljallangan. Har ikkala kartinaga egalik huquqi uzoq vaqt Italiya va AQShga tegishli deb kelindi. 2007-yilda, to‘xtovsiz muzokaralardan so‘ng «Tinch Don», nihoyat Rossiyaga qaytarildi.

A.Fathullayev

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring