Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Behayo sahnalari uchun Aziz Rametovning klipi Badiiy kengashdan o‘tolmadi

Behayo sahnalari uchun Aziz Rametovning klipi Badiiy kengashdan o‘tolmadi

Foto: «Sayyod.uz»

Joriy yilning 21-iyun kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengashda 7 nafar xonanda tomonidan taqdim etilgan videokliplar ko‘rib chiqildi. Bu xaqda «O‘zbekkonsert» DM axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, xonanda Aziz Rametov ijro etgan «Derin Denis» deb (turk tilida) nomlangan qo‘shig‘ining musiqasi atroflicha muhokama etilib, A.Rametov aynan uni turk tilida ijro etgani uchun qo‘shiqning muallifidan rozilik olish shartligi uqtirildi. Unga ishlangan videoklipdagi tasvirlarda milliy mentalitetimizga mos bo‘lmagan xatti-harakatlar, beo‘xshov va bexayo qiliqlar, ma’naviyatimizga zid holatlarning tasviri, ommaviy madaniyat targ‘ibotining kuchliligi, yoshlarning ongini zaharlovchi g‘oyalar ilgari surilgani bois bir ovozdan ushbu klip rad etildi. Xonanda A.Rametovga ushbu qo‘shiq uchun muallifdan ruxsat va qaytadan klip olish tavsiya etildi.

Xonanda Husan Tojimirzayev ijro etgan «Layli» qo‘shig‘iga ishlangan videoklip boshlanishida dialogida so‘zlarning nojoiz ishlatilgani aytib o‘tildi va ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etilganidan so‘ng, Kengashga qayta taqdim etilishi ta’kidlandi.

Xonanda Xudoyor Alimov tomonidan «Ishq» deb nomlangan videoklipning she’r matni, ijrosi va musiqasi jihatidan talabga javob berishi, klipda badiiy yaxlitlik o‘z ifodasini topgani bois efirga uzatishga tavsiya berildi.

Foto: «O‘zbekkonsert» DM

Xonanda Sabina Mamatqulova ijro etgan «Orzu» qo‘shiq matni she’riyat talablariga mutlaqo javob bermasligi, klip mazmuni bilan qo‘shiq mazmunida uyg‘unlik yo‘qligi tufayli bu videoklip ham Kengash a’zolari tomonidan rad etildi.

Xonanda Abror Azizov kuylagan «Do‘st» qo‘shig‘iga ishlangan videoklipdagi tasvirlar nihoyatda g‘aliz va beo‘xshov, qo‘shiq matniga tasvir vositalarining zidligi, qolaversa, klipdagi dialoglar bachkana so‘zlardan iboratligi bois rad etildi.

Xonanda Navro‘z Sobirov ijro etgan «Botti-botti» ko‘shig‘i matni jihatidan juda g‘arib va sayozligi, qo‘shiqda G‘arbga taqlid kuchli ekanligi, milliylikdan uzoq, qadriyatlarimizga mutlaqo zid tasvirlar mavjudligi e’tirof etilib, ushbu videoklip ham rad etildi.

Shu o‘rinda, Kengash a’zolari tomonidan Muassasa mas’ullariga klipmeykerlar faoliyatini tanqidiy o‘rganib, tegishli idoralar bilan qayta ko‘rib chiqish, klipmeykerlar tomonidan xonandalarga qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplardagi qo‘shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g‘oyaviy-badiiy darajasiga alohida e’tibor qaratishini, shuningdek, odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi holatlarning oldini olishga e’tibor qaratishi lozimligi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring