Baxshi va dostonchilarga imtiyozli ipoteka krediti asosida xonadonlar beriladi
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-apreldagi 304-son qarori bilan Baxshichilik va dostonchilik san’atini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish bo‘yicha 2018–2022-yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.
Ma’lumot uchun: doston – qahramonlar to‘g‘risidagi afsonalar, rivoyatlar yoki tarixiy voqealarga bag‘ishlangan, odatda, she’riy shaklda bo‘ladigan Sharqdagi epik folklor yoki adabiy asar. Baxshi – xalq kuychisi, folklor, shu jumladan dostonlar ijrochisi.
Hujjatda, xususan, quyidagilar nazarda tutilgan:
- Mustaqillik bayramining 27 yilligi arafasida respublikada faoliyat yuritayotgan baxshilar ijodini tarannum etadigan «Mustaqillik baxshilari» kitob-albomini chop etish;
- sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan maskanlarda doston va terma ijrochilik san’atini targ‘ib etishga qaratilgan ko‘ngilochar tadbirlar hamda adabiyotlar ko‘rgazmasini tashkil etish;
- mahallalar, madaniyat va aholi dam olish maskanlari, istirohat bog‘larida taniqli baxshi shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish;
- O‘zbekiston xalq baxshilari haqida qisqa ma’lumotlarni to‘plab, ularning portretlarini tayyorlash va 312 ta bolalar musiqa va san’at maktablariga yetkazish;
- taniqli baxshilar ishtirokida dostonlar haqida teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tayyorlab borish va efirga uzatish;
- mazkur ijodiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish;
- respublika san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli baxshi-shoirlarning xotira kechalarini tashkil etish;
- xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallar, davlat tadbirlari hamda xorij davlatlarida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyat kunlarida baxshi-shoirlarning ishtirokini ta’minlash;
- o‘zbek baxshichilik san’atining taniqli namoyandalariga bag‘ishlangan hujjatli film yaratish.
Madaniyat vazirligiga boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
- har yili Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Termiz shahrida respublikada faoliyat yuritayotgan baxshilarning o‘quv seminarini tashkil etish;
- 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi bolalar musiqa va san’at maktablarida baxshichilik va dostonchilik yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sinflar ochish hamda ularni o‘quv qo‘llanmalari va adabiyotlari bilan ta’minlash, ushbu maktablarning o‘quv dasturiga va shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish;
- ushbu maxsus sinflarda dars berish uchun respublikada ko‘zga ko‘ringan baxshilarni jalb etish;
- «yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qilish, mas’ul vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tizimli asosda muvofiqlashtirish.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga baxshi-shoirlar tomonidan yaratilgan va ijro etilayotgan doston, terma, aytimlarni sifatli yozib olish va targ‘ib etish uchun zarur bo‘lgan ovoz yozish hamda zamonaviy videotexnika vositalari xarid qilinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklariga ishchi guruhlari tashkil etish hamda «yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqish, zarur mablag‘larni ajratish va homiylar xayriyalarini jalb qilish choralarini ko‘rish topshirildi.
O‘zbek baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish va targ‘ib etishga hissa qo‘shgan ustoz baxshilar va dostonchilar, xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan yosh baxshilar va doston ijrochilariga ko‘p qavatli uylardan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida xonadonlar ajratiladi.
Ustoz baxshilar va dostonchilar, yosh baxshilar va doston ijrochilari ijodini hamda qarorda belgilangan tadbirlarni OAVda keng yoritish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2018-yil 27-apreldan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter