Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Assalom Navro‘z» kino-oyligi ilk hafta yakunlari

«Assalom Navro‘z» kino-oyligi ilk hafta yakunlari

24-mart kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligi Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan «Assalom Navro‘z» kino-oyligiga start bergan edi. Sumalak tayyorlash va tantanali bayram dasturidan boshlangan kino-oylikning ilk haftasi bir-biridan qiziqarli tadbirlarga boy bo‘ldi.

Mazkur kino-oylik doirasida Toshkentda va viloyatlarda yangi badiiy filmlar premerasi, ko‘plab qiziqarli ijodiy uchrashuvlar, kino-namoyishlar, xalqaro onlayn anjuman, Ayollar media-klubi davra suhbati, yangi loyihalar taqdimotlari, yubiley marosimi, yoshlar uchun trening va pitchinglar bo‘lib o‘tdi.

Viloyatlar bo‘ylab taniqli kinoijodkorlar ishtirokida o‘z safarini boshlagan «Kinokarvon» loyihasi, «Cinemobil» innovatsion kinoteatrlar ham joylarda muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Oylikning ilk haftasida umumiy 8 mingga yaqin fuqarolar uchun yangi premeralar, namoyishlar va ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, 25-mart kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan «Meros», «Uzbechka», «Ayol qismati», Muhabbat bahori», «Hayot afsunlari», «Rioga yo‘l» va boshqa filmlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. So‘ng, O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimovaning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ijodiy kecha va Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» badiiy filmi premerasi yuqori saviyada o‘tkazildi.

26-mart kuni esa taniqli kinoijodkorlardan iborat «Kinokarvon» Samarqand viloyatiga yetib borib, kino ixlosmandlari va yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlarini boshlab yubordi. Muhammadali Iskandarovning «Men terrorchi emasman» filmi ham katta zalda ham «Cinemobil» ko‘chma kinoteatrida premera qilindi.

Toshkentda esa shu kuni «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalining tashkiliy masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida onlayn anjuman bo‘lib o‘tdi. So‘ng Ayollar media-klubining «O‘zbek kinosida gender tenglik masalasi» mavzusidagi navbatdagi uchrashuvi o‘tkazildi. Kun so‘nggida Fotih Jalolovning «Muqimiy» tarixiy dramasining katta premerasi tomoshabinlarga taqdim etildi.

27-mart kuni Toshkentda Elyor Ishmuxammedov hamda Odelsha Agishevlar ishtirokida yoshlar bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. «Kinokarvon» esa Samarqandning Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Urgut, Qo‘shrabot, Samarqand, Nurobod va Pastdarg‘om tumanlarida o‘z namoyish va ijodiy uchrashuvlarini davom ettirdi.

28-mart kuni Qo‘qon shahrida «Muqimiy» filmining premerasi taqdim etilgan bo‘lsa, Samarqandda bo‘lib turgan «Kinokarvon» o‘zining navbatdagi uchrashuv va namoyishlarini o‘tkazdi. Shu kun rossiyalik taniqli kinotanqidchi, jurnalist, «Kino san’ati» jurnali bosh muharriri Anton Dolin «O‘zbekkino» Milliy agentligiga norasmiy tarzda tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida agentlik tomonidan suratga olinishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalar, ko-produksiyalar va boshqa masalalar birgalikda muhokama etildi.

29-mart kuni esa Toshkentda «Yoshlar ijodiy-tajriba studiyasi» tomonidan 2021-yil yoshlar tomonidan suratga olinadigan qisqa metrajli filmlar uchun yangi loyihalar taqdimoti va pitching bo‘lib o‘tdi. Aynan shu kun «Kinokarvon» «Men terrorchi emasman» filmining navbatdagi namoyishlarini o‘tkazdi.

Oldinda «Assalom Navro‘z» kino-oyligi davom etadi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring