Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

San’at darg‘alarini chiqargan filarmoniyaning yangi mavsumi ochildi

San’at darg‘alarini chiqargan filarmoniyaning yangi mavsumi ochildi

O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 88-konsertlar  mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Poytaxtimizning «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining barcha ijodiy jamoalari ishtirokida konsertlar mavsumining unutilmas ochilishi hamda yil davomida faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, filarmoniya jamoasini yangi mavsum ochilishi bilan muborakbod etdi va samarali mehnat qilgan bir qator ijodkorlarni «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Konsert avvalida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 88 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan qiziqarli ma’lumotlarga boy videorolik namoyish etildi. Unda Muassasa tashkil etilgan 1936 yildan to bugungi kungacha bo‘lgan ijodiy jarayonlar, faoliyat yuritgan san’at darg‘alari hamda sohadagi o‘zgarishlar aks etgan.

Shundan so‘ng, muxlislarga ijodiy jamoalar ishtirokida qiziqarli konsert dasturi taqdim etildi. Dastur davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev hamda bir qator san’at darg‘alari tomonidan yil davomida munosib faoliyat yuritgan jamoa vakillari va ijodkorlar Filarmoniya statuetkalari hamda maxsus diplomlar bilan tantanali taqdirlanishdi.  

Konsert dasturida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, G‘ulomjon Yoqubov, Mansur Toshmatov, Jenisbek Piyazov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar G‘iyos Boytoyev, Dilfuza Rahimova, Anvar G‘aniyev, Abdulla Shomag‘rupov, Ma’suma Boltaboyeva, xonandalar Sardor Mamadaliyev, Feruza Ochilova, Dilmurod Otajonov, Rasul Abdullayev va boshqa san’atkorlar o‘z qo‘shiqlari bilan muxlislarni xushnud etishdi.

 Shu tariqa O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 88-konsertlar mavsumi ochildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring