Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Zangiotaga kuniga o‘rtacha 25 nafar bola yotqizilyapti» — bosh shifokor

«Zangiotaga kuniga o‘rtacha 25 nafar bola yotqizilyapti» — bosh shifokor

Foto: SSV matbuot xizmati

Yevropaning qator mamlakatlarida pandemiyaning yangi to‘lqini avj olmoqda. Birgina Rossiyada kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari 25 ming nafarga yetib, o‘limlar soni antirekord daraja —  ilk bor 900 nafardan oshdi.

SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekistonda epidemiologik holatning barqarorlashuvi xotirjamlikka berilish uchun  asos bo‘lolmaydi.

Toshkent viloyatidagi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda poytaxtimiz va Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar faqat Zangiota 1-son va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida qabul qilinyapti. 

— Markazimiz 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan, — deydi A. Husanov. — Hozir bu yerda 1 ming 600 nafar bemor muolaja olyapti. Ularning 26 foizi oltmish yoshdan oshgan fuqarolar bo‘lsa, 160 nafarga yaqini bolalardan iborat. 

Jami bemorlarning 77 foizi o‘rta og‘ir, 20 foizi og‘ir, 3 foizi esa o‘ta og‘ir holatda. Ayni paytda 153 nafar bemor jonlantirish bo‘limida davolanyapti. Kuniga o‘rta hisobda 100-150 nafar bemorni qabul qilib, ularni 7-10 kun davomida salomatligini tiklash choralarini ko‘ryapmiz.

Markaz shifokorlarining qayd etishicha, kasallanish ko‘rsatkichlarini bundan ham pasaytirish mumkin. Buning eng samarali yo‘li — o‘z vaqtida emlanish!

Qolaversa, ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida fuqarolarning karantin qoidalariga yetarli darajada e’tibor qaratmayotgani ham epidemiologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Statistik ko‘rsatkichlardan ham ayonki, og‘ir va o‘ta og‘ir holatdagi bemorlarning katta qismi keksa yoshdagi insonlar. Ularda kasallik asoratlari og‘ir kechishi va tuzalish muddati uzayib ketishi kuzatilmoqda. Bunday bemorlar bilan suhbatlashilganda, ular vaksina olishni paysalga solib kelganidan afsusda ekanliklarini aytishgan.

Ikkinchi salbiy holat shuki, SOVID-19ni yuqtirib olayotganlar orasida bolalar soni ham ortib bormoqda. Misol uchun, ayni kunda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga o‘rtacha 25 nafar o‘g‘il-qiz yotqizilyapti. Chunki yurtimizda keng tarqalgan delta shtammi bolalarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.

— Yevropa davlatlari ilg‘or tajribalirdan kelib chiqib O‘zbekistonda ham 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashga kirishilgan, — deydi A. Husanov suhbat davomida. — Shu kungacha 117 ming nafardan ziyod farzandlarimiz vaksina olib ulgurdi. Ularning hech birida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani yo‘q. Shunday ekan, bu amaliyotni yanada ommallashtirish barchamiz uchun foydali. Chunki bolajonlarimiz nafaqat bemor, balki virus tashuvchi bo‘lib qolishlari mumkinligini ham yoddan chiqarmasligimiz zarur.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring