Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vaziyat o‘ta murakkabligicha qolmoqda» — Nurmat Otabekov

«Vaziyat o‘ta murakkabligicha qolmoqda» — Nurmat Otabekov

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 352 nafarga yetdi. 7 iyun kuni 86, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 354 nafar, ya’ni 77 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 981 bemor davolanmoqda, 6 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. 45 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 22 mingga yaqini statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan.

Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat o‘ta murakkabligicha saqlanib turibdi. Kuni kecha qayd etilgan Toshkent shahridagi 195 nafar, Toshkent viloyatidagi 10 nafar, Xorazm viloyatidagi 8 nafar va Sirdaryo viloyatidagi 4 nafar bemor aholi orasidan qayd etilgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, vaziyat murakkablashib bormoqda. Har birimiz ko‘chaga chiqish, muloqotga kirishish orqali kasallanish ehtimolimiz borligini unutmasligimiz kerak. Karantin tadbirlariga to‘liq rioya qiling. Doka niqobda bo‘ling, muloqotlarda oraliq masofani saqlang, uyga qaytganingizdan keyin antiseptik vositalardan foydalaning.

Ming afsuski, aholi orasida bu kabi tavsiyalarga panja orasidan qarayotgan, befarq munosabatda bo‘layotganlar ko‘payib ketyapti. Vaziyat murakkablashib borayotganini bilib turibsiz. Uni ijobiy yoki salbiy tomonga o‘zgartirish har birimizning harakatimizga bog‘liq ekanini unutmang.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring