Turkiyadan O‘zbekistonga insonparvarlik ko‘magi keldi. Qutilar ustiga Mavlono Rumiyning bayti bitilgan...
Qurbon hayitining birinchi kuni Toshkentga Turkiyadan 12,5 tonna insonparvarlik yordami yetib keldi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar beradi.
Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida imzolangan sog‘liqni saqlashga doir bitim doirasida yuborilgan insonparvarlik ko‘magi COVID-19 epidemiyasiga qarshi kurashda O‘zbekiston tibbiyot xodimlari ishlatishi ko‘zda tutilgan tibbiy himoya ashyolari hamda dori-darmonlardan iborat. Qardosh o‘lkadan, jumladan, 50 ming dona N-95 niqob, 200 ming dona jarrohlik niqobi, 40 ming dona kombinezon, 5 ming dona yuzni to‘liq to‘suvchi niqob va COVID-19ni davolashda qo‘llanadigan dori vositalari jo‘natilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan va milliy mudofaa vazirligi tomonidan yetkazib berilgan tibbiy yordamni Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi harbiy attashesi, polkovnik Mustafa Balo‘g‘lu va elchixona mas’ullari kutib oldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari murakkab pallada qo‘llagani uchun qardosh xalq vakillariga minnatdorlik bildirdi.
Ikki davlat bayroqlari tushirilgan qutilar ustida Mavlono Jaloliddin Rumiyning turk va o‘zbek tilida
«Kelsa ma’yuslik, keyin umid kelur,
Kecha kechgay, ortidin xurshid kelur»
bayti bitilgani ham ramziy ma’noga ega.
Turkiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er O‘zbekiston bilan mustahkam qardoshlik rishtalariga tayanuvchi strategik sheriklik munosabatlarida sog‘liqni saqlash sohasi muhim o‘rin tutishi, bu bu boradagi ko‘mak o‘n yillardan buyon davom etayotganini qayd etdi. Elchiga ko‘ra, hayitning ilk tongida Toshkentga yetib kelgan navbatdagi yordam ham turk xalqining o‘zbek qardoshlari bilan o‘rnatgan ko‘ngil ko‘prigining bir aksi sanaladi. Elchi turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy yodgorligi – «Qo‘rqut ota kitobi»dan «Yaxshi kunda chaqirilganida, yomon kunda esa chaqirilmay turib kelgan do‘st – yaxshi do‘stdir» hikmatini yodga olgan.
Eslatib o‘tamiz, bu COVID-19 pandemiyasi boshlangandan beri Turkiya O‘zbekistonga ko‘rsatgan ikkinchi yordamdir. Joriy yil may oyida qardosh o‘lka 50 dona sun’iy nafas oldirish jihozi yuborgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter