Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tuman va shaharlar «qizil», «sariq» va «yashil» hududlarga ajratiladi

Tuman va shaharlar «qizil», «sariq» va «yashil» hududlarga ajratiladi

Foto: Xabar.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.

Yig‘ilishda karantin choralari yengillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat o‘zgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qo‘yildi.

Jumladan, tumanlar  va shaharlar «qizil» (yuqori xavfli), «sariq» (o‘rta xavfli) va «yashil» (xavfsiz) hududlarga ajratiladi.

23-aprel kuni tasdiqlangan pandemiya davrida vaqtinchalik sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normalarga rioya etish zarurligi ta’kidlandi.

Karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1-iyunga qadar korxonalarga ko‘rsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona bo‘yicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha kreditlar berish, eksport majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Videoselektor yig‘ilishida soliq tushumlarini ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida bu boradagi prognoz 102,7 foizga bajarilgan. Bundan buyon budjetga tushumlar sezilarli ravishda ortib borishi qayd etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga ham yana bir bor e’tibor qaratilib, aholini asosiy turdagi mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari belgilandi.

Videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring