Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«To‘rtta to‘yda 110 ta kasallik aniqlangan». Alisher Shodmonov virusning keng tarqalishi sabablarini aytdi (video)

«To‘rtta to‘yda 110 ta kasallik aniqlangan». Alisher Shodmonov virusning keng tarqalishi sabablarini aytdi (video)

Foto: Xabar.uz

Oxirgi 14 kunda koronavirus bo‘yicha aniqlangan holatlarning 52 foizi chet eldan kelgan fuqarolarda, 48 foizi esa mamlakat aholi orasida aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

– Aholi orasida to‘y, turli marosim va oilaviy tadbirlar virusning tarqalishiga xizmat qilayapti. Masalan, 4 ta to‘yda 110 ta kasallik aniqlangan, bundan tashqari, birgina Yunusobod tumanida o‘tkazilgan to‘yda 79 kishi virus yuqtirib olgan. 30 kishilik limitga rioya etish uchun bir kunda uch marta to‘y qilingan, – deydi vazir.

Qayd etilishicha, oxirgi bir oyda O‘rikzorda 35 ta, Yunusobod bozorida 39 ta, Chorsuda 11 ta, Abu Saxiyda 47 ta, Chilonzor buyum bozorida 52 ta holatda virus aniqlangan. Qurilish tashkilotlarida 200 dan ortiq kishida virus qayd etilgan.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat avj olsa, O‘zbekiston tibbiyot tizimi yuqori bosimga dosh bera oladimi?

Alisher Shodmonovning aytishicha, hozirda kasallarni davolashga tizimning imkoniyatlari yetarli. Toshkentda va joylarda kasalxonalar tayyorlangan, zaxira o‘rinlari ham yaratilgan.

Shu bilan birga, bugungi kungacha tez tibbiy yordam, tug‘uruqxonalar o‘z faoliyatini uzluksiz davom ettirayapti, ijtimoiy kasalliklarga ham to‘liq yordam ko‘rsatilayapti. Lekin koronavirus bilan bog‘liq vaziyat izdan chiqib ketsa, kasallik avj olsa, tibbiyot tizimi og‘ir ahvolga tushib qolib, ana shu yordamlar to‘xtab qolishi mumkin.

– Shu holatga olib bormaslik uchun hamma harakat qilishi kerak. Cheklovlarni, karantinni qattiq ushlashimiz kerak. Bu qo‘limizdan keladi. Mart-aprel oylarida buni isbotladik, kasallik tarqalishini jilovlay oldik, – deydi vazir.

Intervyuni to‘liq quyidagi videoda tomosha qilishingiz mumkin:

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring