O‘zbekistonda kasallanish ko‘payib ketayotgani sabablari aytildi, ammo...
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva quyidagilarni sanab bergan:
- Aholi orasida niqoblar taqilmay qo‘yilgani — bu infeksiyani odamdan odamga yuqish uchun juda qulay sharoit, ya’ni hozir kunlar issiq, havo quruq — virusning havoda harakatlanishiga to‘sqinlik yo‘q va u bemalol insonlarning yuz va qo‘l terisiga yoki ko‘z shilliq qavatiga, burundan nafas olamiz — havodagi virus burun shilliq qavvatiga yoki tomoqqa tushadi hamda hujayra ichiga kirib, kasallik chaqirishga imkoniyat qidiradi;
- Qo‘llarni sovunlab yuvmay qo‘ydik yoki spirtli antiseptiklardan foydalanmay qo‘ydik — bu esa qo‘l terisiga tushgan virusning tozalanmasligiga, qo‘llar ko‘z, burun yo og‘izga tekkizilganda virus organizmga tushadi, natijada bu kasallik chaqirishni yanada kuchaytiradi;
- Ijtimoiy masofani saqlamay qo‘ydik — ya’ni juda ko‘p to‘y-hashamlar, tug‘ilgan kunlar va odamlar to‘planishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni ko‘paytirib yubormoqdamiz. Bu kabi ko‘ngilochar tadbirlarda:
- Bir oila a’zolaridan tashqari bir necha oilalar va odamlar soni 30 dan ortib ketmoqda;
- tadbirlar yopiq joylarda, umumiy sig‘imdan 50% dan ortiq odamlar ishtiroki kuzatilmoqda, ya’ni agar 100 kishilik to‘yxonada tadbir bo‘lsa, talab bo‘yicha 50 kishidan ortmasligi kerak, lekin bugungi kunda to‘y-hashamlarda 100-150 tadan odam ishtirok etmoqda;
- bunday ko‘ngilochar tadbirlarga hech kim oldindan PZR-testini topshirmaydi va kelayotgan mehmonlardan test natijasi so‘ralmaydi;
- kelayotgan mehmonlarning tana harorati o‘lchanmaydi;
- niqoblar taqilmaydi va spirtli antiseptiklar bilan tez-tez qo‘llar ishlov berilmaydi.
Axir biz to‘y-hashamlarga ko‘ngil ochish uchun boramiz, unda ovqatlanish kerak, bunda uzoq davom etuvchi suhbatlar va muloqotlar bo‘ladi. Bularning hammasi — koronavirus tarqalishiga katta zamin yaratmoqda», deydi mutaxassis.
Mutaxassisning gaplariga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q. Kasallik tarqalishiga yuqoridagi holatlar ham sabab bo‘layotgani ehtimoli bordir. Ammo sabablar orasida bir vaqtning o‘zida yuz minglab odamni bir joyda to‘plab, bir necha milliard so‘m sarflab har bir viloyatda o‘tkazilayotgan festivallar ko‘rsatilmagani savol tug‘diradi. Ko‘chada maskasiz yurilsa, kasallik yuqadiyu, festival va diskotekalarda yuqmaydimi?..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter