Rossiyada o‘pka saratonidan davolanib qaytgan bemor kovidga yo‘liqib vafot etdi
Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 52 yoshli A.X. (erkak) Rossiyada chap o‘pka yuqori bo‘lagi o‘smasini davolash va ximioterapiya muolajalaridan so‘ng 5 iyun kuni O‘zbekistonga qaytgan.
SSV xabariga ko‘ra, bemorda holsizlik, ko‘krak qafasida og‘riqlar kuzatilgan va 15 iyun kuni Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasi statsionariga yotqizilgan.
Unda 27 iyun kuni «COVID-19» tasdiqlangan va u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan.
Unga «COVID-19» infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik sepsis, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 2-darajasi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor o‘pka saratoni, gipertoniya hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.
Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter