Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Psixolog: «Qo‘rquv bo‘lmasa, bepisandlik, loqaydlik, befarqlik avj oladi» (video)

Bugun butun dunyoga raxna solayotgan koronavirus pandemiyasi har bir inson ruhiyatida turli darajada salbiy hislar, qo‘rquv va vahimalar uyg‘otishi tayin. Bularning hammasini axborotlar stressi deb baholasak, ayni paytda bizda ham shunday holat kuzatilmoqda. Vaholanki, bunday axborotlardan ancha oldin xabardor edik va ma’lum ma’noda psixologik tayyorgarligimiz ham bor edi, lekin kasallik bizgacha yetib kelmasa kerak, degan o‘y-xayollarda yurgandik…

Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Bizga tinchlik bermayotgan ichki xavotirlarimizni bu yog‘iga qanday boshqaramiz? Aynan shular haqida tajribali psixolog Shoira Isoqova bilan suhbatlashamiz.

– Har bir ma’lumot tinglash va anglashimiz orqali ong ostimizga joylashadi. Qo‘rquv esa tabiiy himoya vositasi hisoblanadi. Insonda qo‘rquvning bo‘lishi ba’zi jarayonlarga nisbatan jiddiyroq yondashishni talab etadi. Bunday holatlarda biz uni ijobiy qo‘rquv desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi – deydi psixologimiz. – Aynan, pandemiyaga bo‘lgan qo‘rquv ichimizdagi bor xavotirlarni kuchaytirib yuboradi. Bu esa yanada hushyor va ehtiyotkor bo‘lishga, hayotimizga nisbatan mas’uliyatni chuqurroq anglashimizga undaydi.

Vahima esa shaxsiy xususiyatlar, ichimizda salbiy fikrlar ko‘payganda paydo bo‘ladigan ruhiy hissiyotlarimizdir. Va u o‘z navbatida turli noxush holatlarni keltirib chiqaradi. Har birimiz o‘zimiz, oilamiz, yaqinlarimiz hayotini o‘ylab ozmi-ko‘pmi xavotirlanamiz. Vahima ichimizda g‘alayon ko‘targan fikrlarning kuchayishiga olib keladi va qo‘rquvimizni ikki-uch hissaga ko‘paytiradi. Ayniqsa, bolajonlarimizning ta’sirchan ekanini hisobga olsak, ularning xavotiri va qo‘rquvi ortadi va stress kuchayadi. Bu masalaning bir tomoni, lekin ikkinchi tomoni borligini ham unutmasligimiz kerak. Ayni vaziyatda vahima qilmasak ham bo‘lmaydi. Vahimasiz yurish befarqlik, loqaydlikni paydo qiladi. Odamlar ongiga «Bu qo‘rqinchli emas, o‘zi o‘tib ketadi, o‘zi tuzaladi, hech narsa qilmaydi», degan fikrlar kelishi mumkin.

– To‘g‘ri, koronavirus bilan hazillashib bo‘lmaydi, lekin insoniyat shu paytgacha qanchadan qancha kasalliklarni yengib kelgan. Shunday emasmi?

– Albatta, har bir davr o‘ziga xos sinovlari, muammolari, turli kasalliklari bilan ham yodimizda qoladi. Ba’zan inson xato qiladi yoki haddidan oshadi, o‘zligini yo‘qotib, turli salbiy illatlarini yuzaga chiqaradi. O‘sha xatolarimiz uchun ham shunaqa vaziyatlarga duch kelamiz. Hozir ota-bobolarimizning ibratli o‘gitlariga quloq solib, sabr, shukrni ko‘paytirib, hammasidan to‘g‘ri xulosa chiqarishning ayni mavridi.

Tan olish kerak, bunday kasallik bilan hazillashib bo‘lmaydi. Koronavirusga befarq, loqayd, bepisand qarasak, yaqinlarimiz va oila a’zolarimiz hayotini katta xavf ostiga qo‘yishimiz mumkin. Qachonki, unga nisbatan irodamizni mustahkam qila olsak, psixologik immunitet hosil qilsak, sanitariya qoidalariga so‘zsiz rioya etsak, karantin qoidalarini buzmasak, o‘zimiz va oilamiz uchun mas’ul bo‘la olsak, barchamiz mehrli, e’tiborli, hamjihat bo‘lsakkina bu kasallikni yengamiz.

– Bugun kimlardir koronavirusdan qattiq qo‘rqayotgan bo‘lsa, kimlardir bundaylarning ustidan kulyapti. Mutaxassis sifatida mazkur vaziyatni qanday izohlaysiz?

– Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda bu shunchaki o‘ylab topilgan kasallik yoki Xitoy davlati tashkillashtirgan fitna degan mish-mishlar tarqalishiga guvoh bo‘lyapmiz. Mish-mishmi, fitnami, kasallikka chalingan davlatlarni ko‘ryapmizmi, ulardagi og‘ir vaziyatlarni kuzatyapmizmi, demak, xotirjam o‘tirishga haqqimiz yo‘q. Har xil soxta axborotlarga ishonmay, hukumatimiz tomonidan berilayotgan topshiriqlarni jiddiy qabul qilib, mana shu davrda bir millat va xalq ekanimizni teran tafakkurimiz, yuksak ongimiz, keng dunyoqarashimiz orqali namoyon etishimiz kerak.

– Aynan vahimaga tushmaslik uchun nima qilish kerak?

– Eng avvalo, o‘zimizni qo‘lga olib, vaziyatga mas’uliyat bilan jiddiy yondashishmiz zarur. Vahima qilib nimaga erishishingizni tasavvur qilib ko‘ring, faqat o‘zingiz, yaqinlaringiz, atrofdagilarni stressga solasiz xolos. Stress esa insonni kuchdan qoldiradi. Ya’ni ishtaha yo‘qoladi, immunitet tushadi. Zaif immunitet esa har qanday kasalliklar oldida ojiz qoladi. Shunday ekan biz bu yo‘ldan ketmasligimiz kerak. Vahimani, befarqlikni bir chetga surib, soha mutaxassislari berayotgan tavsiyalarga to‘liq amal qilishimiz zarur.

Hech kim oila tinchligi, farzandlar taqdiriga befarq bo‘lmasin! Yaxshisi, ajrim yoki jar yoqasiga kelib qolgan oilalar bir to‘xtamga kelishdan oldin chuqur o‘ylab ko‘rishsin, ehtimol, bu oilangizni tiklab olish uchun berilgan imkoniyatdir. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan samimiy muloqotda bo‘ling, mana shu keskin vaziyatlarda bir-biringizni qo‘llab-quvvatlang!

– Karantin vaqtida uyda o‘tirgan yurtdoshlarimizga ruhiyatni mustahkamlash va sog‘lomlashtirishga xizmat qiladigan tavsiyalaringiz bormi?

– Eng avvalo, hammamiz karantinda o‘tirish bu – o‘zimiz, oilamiz va yaqinlarimiz salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan kasallikdan sog‘-salomat chiqib olishimiz uchun berilgan mas’uliyat ekanini anglashimiz kerak.

Quyida kayfiyatni tushirmaslik va ruhiyatni mustahkamlashga doir tavsiyalarimni berib o‘tmoqchiman. Ular har biringizda ijobiy natija berishiga ishonaman.

  • Dastlab ichki xotirjamlikka erishgan holda, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishga o‘zingizni sozlab oling!
  • Karantinga – shunchaki vaqt o‘tkazishdek emas, balki oilamiz, farzandlarimiz davrasida ko‘proq bo‘lishimiz uchun berilgan imkoniyat deb qaraylik. Chunki ish, ro‘zg‘or va boshqa tashvishlar deb farzandlarimiz, oilamizga vaqt ajrata olmasligimiz bo‘yicha ko‘p shikoyat va e’tirozlarimiz bo‘lgani hech kimga sir emas.
  • O‘zingiz va oila a’zolaringizdan karantin qoidalariga to‘liq rioya etishni talab qiling!
  • Tozalik va ozodalikka alohida e’tibor bering!
  • Nafaqat tana tozaligi, balki ruhiyat pokligi ham doim muhim o‘rin tutishini unutmang.
  • O‘zingizdagi negativ fikrlarni yo‘qoting, turli alamzadalik, nafrat, g‘azab kabi nuqsonlarni bartaraf etish ustida bosh qotiring. Ijobiy fikrlarni tarbiyalang!
  • Oldingizga maqsadlar qo‘ying, yangi rejalar tuzing, bajarishingiz lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab oling.
  • Farzandlaringiz davrasida ibrat bo‘ladigan turli mavzulardagi kitoblarni o‘qing, ular bilan suhbatlashing, oilangizda mavjud bo‘lgan bo‘shliqni mehr-muhabbat bilan to‘ldirishga harakat qiling.
  • Konsertlar, yaxshi kinolar tomosha qiling, uyda ko‘proq bo‘lishga odatlaning.
  • Ruhiy holatingiz ustida ishlang, salbiy nuqsonlaringizni yo‘qoting, psixologik immunitetingizni mustahkamlang, psixologik kitoblar o‘qing.

Bu sizu bizga berilgan sinov. Har birimiz uni to‘g‘ri anglagan holda harakat qilishimiz kerak, cheklov qo‘yilgan hududlarga bormasligimiz, oila davrasida qolishimiz shart, tavsiyalarga ko‘ra, ko‘proq suv ichishimiz zarur.

Eng muhimi, har bir holatga sog‘lom fikr bilan yondashsak, albatta bu sinovlardan eson-omon o‘tib olamiz.

– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!

Sh.Isroilova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring