Prezident koronavirus pandemiyasi davrida aholiga imtiyozlar beradigan farmonni imzolaydi
Bugun davlatimiz rahbariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi yuzasidan axborot berildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF–5969-son «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Hujjat pandemiyaning mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi turmush darajasiga salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan navbatdagi imtiyozlar, preferensiyalar va boshqa muhim chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Prezidentimiz farmon loyihasiga yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta’minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlarini ko‘paytirish va narxlari oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, tadbirkorlik sub’yektlarining aylanma mablag‘lari kamayib ketishining oldini olish, ularga qo‘shimcha soliq imtiyozlari taqdim etish kabi bir qator aniq choralarni kiritish zarurligi haqida mas’ullarga topshiriq berdi.
Farmon loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter