O‘zbekistonlik taniqli diplomat koronavirus oqibatida vafot etdi
O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi maslahatchisi, siyosiy fanlar doktori Doniyor Obidov koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev «Hurriyat» gazetasida chop etilgan maqolasida ma’lum qildi.
«Shu oyning ilk kunlarida Belarusdan xabar keldi. Minskdagi O‘zbekiston elchixonasida ishlab turgan do‘stimiz, ukamiz, siyosiy fanlar doktori Doniyor Obidov koronavirus tufayli vafot etibdi. Shavqu zavq bilan yonib, yolqinlanib o‘zbegu belarus xalqlarining madaniy yaqinlashuvi uchun dildan xizmat qilib yurgan edi», – deb yozadi Sh.Rizayev.
O‘zbek diplomatining bevaqt o‘limi haqidagi xabar Belarusdagi «Zvyazda» nashriyot uyi direktori Ales Karlyukevich tomonidan yuborilgan.
«Uning vafoti haqida shoir Minhojiddin Mirzo ma’lum qildi. Bunga ishonmadim. Uning do‘sti – toshkentlik jurnalist Bobur Alixonov bilan bog‘landik. «Ha, bu haqiqat, – dedi u. – Do‘stimiz Doniyordan ayrilib qoldik». Minskdan maktub keldi. «Zvyazda» nashriyot uyi direktori – bosh muharriri Ales Karlyukevich «U koronavirusdan vafot etdi» deb yozibdi», – deydi yozuvchi Risolat Haydarova.
Diplomat va olim sifatida hurmat qozongan Doniyor Obidov O‘zbekiston hamda Belarus o‘rtasidagi turli sohadagi hamkorlik, xususan, madaniy-gumanitar robitalarni rivojlantirish yo‘lida sidqidildan faoliyat yuritib kelayotgan edi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari taniqli diplomatning vafoti haqida xabar bergani yo‘q. O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi rasmiy saytiga ishonilsa, D.Obidov hamon tirik – siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchi maqomida faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston TIVning «Dunyo» axborot agentligi saytida joriy yil 17-mart kuni D.Obidovning «Moturidiy ta’limoti Yevropa markazida keng o‘rganilmoqda» nomli maqolasi chop etilgan. Unda muallif yagona qo‘lyozmasi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan «Kitob-at-tavhid» asari haqida so‘z yuritadi. Bu – foniy dunyoni tark etgan diplomat va olimning matbuotdagi so‘nggi maqolasi bo‘lsa ajab emas.
Belarusdagi «Zvyazda» nashriyot uyi ikki davlatning madaniy-gumanitar aloqalari ravnaqiga katta hissa qo‘shgan marhum diplomat D.Obidov xotirasini abadiylashtirish, jumladan, Minskdagi ko‘cha yoki maktablardan biriga uning nomini berishni taklif etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter