O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi kurashish loyihasi amalga oshiriladi
Vazirlar Mahkamasining «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish dasturi» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 418-son qarori qabul qilindi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.
2020-yil 27-mayda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki vakillari o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirishga 15 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 500 mln AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar jarayonida qarz bitimiga oid muzokaralar bayoni imzolandi. Qarz mablag‘lari Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini to‘ldirish va Davlat budjeti xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Qarz mablag‘larini qaytarish, foiz va vositachilik haqi bo‘yicha to‘lovlar qarorga ilovaga muvofiq mamlakat Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, shuningdek OTB tomonidan ajratiladigan qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.07.2020-yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter