Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Omikron» «delta»ga nisbatan tez tarqaladi, ammo...

«Omikron» «delta»ga nisbatan tez tarqaladi, ammo...

Koronavirusning «omikron» shtammi ikki hafta ichida dunyoning olti qit’asini «zabt» etib ulgurdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, yangi mutatsiya shu paytgacha 63 mamlakatda qayd etilgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

JSST tomonidan e’lon qilingan navbatdagi byulletenda keltirilishicha, «omikron» «delta»ga nisbatan tezroq tarqalishi mumkin. Biroq uni yuqtirganlarda kasallik yengilroq o‘tmoqda.

Xususan, Janubiy Afrika Respublikasidan olingan dastlabki dalillar shuni ko‘rsatadiki, yangi shtammning og‘ir asoratlarni keltirib chiqarish ehtimoli kam.

Amaldagi PZR va antigen testlar orqali «omikron»ni aniqlash mumkinligi yana bir bor tasdiqlandi. Shuningdek, SOVID-19ning boshqa shtammlarini davolashda qo‘llanilayotgan usullar bu infeksiya turini muolaja qilishda ham samara beradi.

Shunga qaramay, JSST to‘plangan ushbu ma’lumotlar «omikron» xavfi haqida yakuniy xulosa chiqarish uchun hali yetarli emas, degan xulosada.

Yangi kasallik turining yengil o‘tayotganini boshqa rasmiy doiralar ham tasdiqlagan. Jumladan, Yevropada 732 ta yangi mutatsiyani yuqtirish holati aniqlangan. Ularning katta qismi Daniya (195 kishi) va Norvegiya (109 kishi) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bemorlarning deyarli barchasida kasallik yengil kechgan.

Bunday xulosalar AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda yaqin kunlargacha 43 ta holat ro‘yxatga olingan va barcha bemorlarda xastalik og‘ir asoratlarsiz o‘tgan. Faqat bir kishi shifoxonaga yotqizilgan va shunda ham ahvoli yaxshilangach, ikki kundan keyin unga javob berilgan.

Mutaxassislarning kuzatuvlariga ko‘ra, «omikron»ning belgilari kattalar va bolalarda turlicha namoyon bo‘lmoqda. Ularni umumlashtiruvchi asosiy alomatlar esa charchoq, bosh og‘rig‘i, ishtaha yo‘qolishi va teridagi toshmalardir.

Hozir qator davlatlar yangi variantning tarqalish shiddatini hisobga olib, ehtiyot choralarini kuchaytirmoqda. Misol uchun, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqib, 18 yoshdan oshgan fuqarolarni yil oxirigacha buster doza bilan emlanishga chaqirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring