Oliy Majlis deputati karantindan chiqdi. Nima bo‘lgandi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodirbek Tilavoldiyev 15 kun karantinda bo‘lib chiqdi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi.
«Poytaxtdan viloyatga kelishimiz chog‘ida samolyotda biz bilan uchib kelgan yo‘lovchilardan birida koronavirus borligi gumon qilinib, karantinga olindi. Tabiiyki, o‘sha yo‘lovchi bilan birga bizni — boshqa yo‘lovchilarni ham karantinga olishdi. Mana, o‘n besh kun karantinda bo‘ldik biz ham. Shukurki, hech qanday virus aniqlanmadi, xavf-xatar o‘tkinchi bo‘lib chiqdi», — deb yozadi deputat.
Uning qayd etishicha, olib borilayotgan tushuntirish va ogohlantirish ishlariga qaramay, ba’zi bir fuqarolar tomonidan virusning qanchalik xavfli ekanini tushunib yetmayapti, koronavirusga qarshi kurashish komissiya qaror va talablarga mas’uliyatsizlik bilan yondashmoqda.
«Ushbu baloga qarshi kurashish faqatgina Prezident va hukumatning vazifasi, kasallik meni va mening oilamni chetlab o‘tadi, deb fikrlaydiganlar qattiq yanglishadi. Yagona va eng to‘g‘ri yo‘l hukumat, har bir fuqaro, tadbirkorlik sub’yektlari va jamoatchilikning bir tanu bir jon bo‘lib, ushbu kasallikka qarshi mardonavor kurashishidir. Qat’iy intizom, mas’uliyat, sabr-toqat, jipslik va fidoyilik bilan xitoyliklar ushbu baloni yengish mumkinligini amalda isbotlab berdi. Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya xalqining ham metin irodasi, gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, hukumat tomonidan qabul qilingan qonun va talablarga hurmat, itoatkorlik mazkur davlatlarda pandemiyani jilovlash imkonini berdi.
Ba’zi hollarda odamlarning, jamiyat a’zolarining ham bir-birlariga bo‘lgan munosabati kishini o‘ylantirib qo‘ymoqda. Bunday murakkab vaziyatda bir-biriga tasalli berish o‘rniga, ko‘ngilni xira qiladigan ishlar qilinmoqda. Afsuski, fuqarolarimiz karantin so‘zi mohiyatini to‘liq tushunib yetmayapti. Karantinda saqlanayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga «viruslar» deb nom qo‘yib, mahalla-ko‘yda ularning obro‘siga putur yetkazib, nojo‘ya gaplar tarqatish holatlari ham uchrab turmoqda. Vaholanki, bugungi kunda kasallik tarqalishini oldini olish uchun 100 mingdan ortiq fuqaro karantinga olingan. Fuqarolarimiz karantinga olinish bu inson kasallangan degan ma’noni anglatmasligini, faqatgina ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadida muayyan muddatga izolyasiya qilish holati ekanini yaxshi tushunib yetishimiz kerak», — deya qayd etgan Nodirbek Tilavoldiyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter