Odamlar hali hukumatga ko‘p kerak bo‘ladi
Kuchaytirilayotgan karantin choralari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab munozaralar yuzaga kelmoqda, turli fikrlar bildirilmoqda. Telegramdagi Davletovuz kanali muallifi ushbu karantinning o‘rinliligi haqida to‘xtalib, bu davrda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam muammolari, bunda davlat qanday yo‘l tutishi lozimligi yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdi.
«20 kunlik kuchaytirilgan karantin, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, hozirgi sharoitda eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib turibdi. Davlatni istagancha tanqid qilish, qoralash mumkin, bu ishni hammamiz qilayapmiz ham. Lekin hammaning hayoti o‘ziga shirin. Xudo ko‘rsatmasin, virus biror yaqinimizni olib ketganda, kimnidir aybdor qilishda ma’no qolmaydi. Hayotingiz uchun faqatgina o‘zingiz qayg‘uradigan payt. Nafaqat virus, erta-indin ko‘zi yorishi kerak bo‘lgan minglab homilador ayollar, muntazam tibbiy yordam olishi kerak bo‘lgan minglab bemorlar ham yuragini hovuchlab o‘tiribdi. Zarur paytida tug‘ruqxona yopiq bo‘lsa yo joy bo‘lmasa, hayotiy zarur davolanish uchun tibbiy yordam oladigan kasalxona boshqa bemorlar uchun ajratilgan bo‘lsa — bu o‘sha insonlar uchun fojiadek gap. O‘zing uchun o‘l yetim holati. Chunki kasallik avj olsa va boshqaruvdan chiqib ketsa, it egasini tanimay qoladi. Bu masalaning birinchi tarafi.
Ikkinchi masala. Kuchaytirilgan karantin sharoitida qiyin ahvolga tushib qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash masalasi yana kun tartibiga chiqdi. To‘g‘ri, pishiqchilik — mart, apreldagidek vahimali emas. Lekin daromadsiz, pulsiz o‘tirgan oilalar baribir davlatdan hech qursa 500 ming so‘mdan yordam olishi kerak. Eng muhimi, hukumat 20 kunlik karantin davri uchun ijtimoiy ko‘mak masalasi qanday bo‘lishini ochiqlashi, aytishi lozim. Shu paytga qadar hech kim bu haqda gapirmayapti. Xalqqa mujda va yordam berilishi kerak. Quruq gap bilan chegaralanmaslik kerak. Modomiki odamlarga yordam berilmas, bunday yordam berilishini davlat baralla aytmas ekan, odamlarda umidsizlik paydo bo‘ladi, ijtimoiy keskinlik yuzaga keladi, aholi kayfiyati yomonlashadi. Aholining kayfiyati o‘rganilishi, tezkor reaksiya bildirilishi lozim. Hechqisi yo‘q, 20 kun o‘tib ketadi, degan tasavvurga berilmaslik kerak. Odamlar hali hukumatga ko‘p kerak bo‘ladi.
Aholiga yordam berishning Qozog‘iston, Rossiya variantlarini qo‘llash maqsadga muvofiq. Masalan, Rossiyada ijtimoiy yordamning asosiy qismi — bolalar prinsipi orqali tarqatildi. Natijada birgina iyul oyining boshida 16 yoshgacha bo‘lgan 28 million bola uchun yordam puli berildi. Qozog‘istonda esa karantin tufayli daromad yo‘qotilishi asos bo‘ldi. Yordam to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat orqali (onlayn, oflayn) ortiqcha byurokratiyasiz fuqarolarning hisob raqamiga tashlab berildi.
Nazarimizda, bizning hukumat ham Inqirozga qarshi choralar jamg‘armasining ozgina qismini muhtoj odamlarga yo‘naltirishi kerak. Shundoq ham jamg‘arma mablag‘lari monopollar, shubhali tashkilotlarga berilmoqda, ayrim tashkilotlar tomonidan ajratilgan mablag‘lar talon-toroj qilinayotgani haqida ham vaqti-vaqti bilan o‘qib turibmiz. Baribir jamg‘armaga jalb qilingan mablag‘lar kelajakda xalqimiz cho‘ntagidan qaytariladi. Shunday ekan, muhtoj odamlarga pul berilishi to‘g‘ri, o‘rinli va adolatli qaror bo‘ladi. Harqalay shundagina odamlarimiz yegan somsasiga pul to‘lagan bo‘ladi. Mabodo ertaga pul tarqatishda 500-1000 ta firibgarlik holati aniqlangan taqdirdayam fojia emas. O‘shanda ham nafsi hakalak otgan ayrim mansabdorlar talon-toroj qilayotgan summadan kam bo‘lsa kerak.
Shu o‘rinda yana bir gap. Muhtoj oilalarga yordamni oziq-ovqat, shundoq ham sillasi quriyotgan tadbirkorlar hisobidan amalga oshirmaslik kerak. Bo‘ldi, ular charchadi», – deya o‘z shaxsiy fikrini bildirgan Davletovuz kanali muallifi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter