Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurmat Otabekov: «400 kishi koronavirusga qarshi emlandi»

Nurmat Otabekov: «400 kishi koronavirusga qarshi emlandi»

Yurtimizda boshlangan koronavirus vaksinalarining klinik sinovlari haqidagi SSV matbuot xizmati savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov javob berdi.

— COVID-19ga qarshi vaksina sinovlarida yurtdoshlarimiz ko‘ngilli sifatida qatnashayotgani haqida bilamiz. Sinov jarayonlarida qatnashish tartiblari qanday, bunda ko‘ngillilarga qanday talablar qo‘yiladi? Yoki istagan kishi unda ishtirok etishi mumkinmi?

— Ma’lumki, respublikamiz koronavirusga qarshi ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan vaksinaning samaradorligini sinovdan o‘tkazish 3-klinik fazasida ishtirok etmoqda. Shu bois ham ushbu tadbirga 18 va undan yuqori yoshdagi ko‘ngillilar jalb qilinadi. Dastlab, ko‘ngillilarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, olingan qon namunalari  koronavirus kasalligigi bor yoki yo‘qligiga laboratoriya usulida tekshiriladi, kasalligi borlar va kasallikni o‘zida o‘tkazib, unga qarshi antitanachalari mavjud bo‘lgan shaxslar sinov jarayonidan chiqarib yuboriladi va bu tadbirga jalb qilingan har bir shaxsning salomatligi butun sinov mobaynida kuzatuv ostiga olinadi.

Ta’kidlash joizki, surunkali kasalligi bor va isitmalayotgan, qon bosimi me’yoridan yuqori, qon kasalliklari mavjud, immun tanqisligi bilan kasallangan, saratonga chalingan bemorlar hamda homilador va farzand ko‘rish istagidagi ayollar ham bu jarayonda qatnashishi mumkin emas.                 

Ayni paytdagi klinik sinovlarda 400 nafardan oshiq ko‘ngillilar mazkur vaksina bilan emlandi. Kimdir ko‘ngilli sifatida sinov jarayonida qatnashish istagida bo‘lsa, tez orada Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etiladigan maxsus saytga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Hozir ko‘ngillilar orasida sinab ko‘rilayotgan koronavirusga qarshi emlash tadbirlari Xitoyning «Rekombinat» vaksinasi bilan amalga oshirilmoqda, ushbu vaksinaning birinchi va ikkinchi klinik-sinovlari Xitoyda amalga oshirilgan bo‘lib, o‘ta muvaffaqiyatli o‘tdi, deb baholangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati klinik sinovning 3-bosqichi amalga oshirilishini doimiy nazorat ostiga olgan. Tizimda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha emlangan ko‘ngillilar orasida emlashdan keyingi reaksiyalar va salbiy asoratlar kuzatilmadi hamda har bir emlangan shaxs ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring